Ota-onalik baxti hayot davomiyligi oshirishi aniqlandi

  • 13:28 / 19.03.2017
  • 7872

Doktor Karin Modig boshchiligidagi Karolina instituti olimlari ota-onalik baxti hayot davomiyligini oshiradi, degan xulosaga kelishdi. 60 yoshdan oshgan, farzandi bor  kishilar befarzandlarga qaraganda o‘rtacha ikki yilga ko‘p yashashlari ma'lum bo‘ldi.

Doktor Modig o‘z hamkasblari bilan birga otalik baxti hayot davomiyligiga qanday ta'sir ko‘rsatishini aniqlash uchun 60 yoshdan oshgan kishilarning hayotini kuzatib borishdi. Olimlar 1911-1925 yillarda Shvetsiyada tug‘ilganlarni nazorat ostiga olishdi. Tadqiqotda shuningdek reyestrning oilaviy ahvoli, farzandlarining bor yoki yo‘qligi hamda ularning necha nafarligi haqidagi ma'lumotlari ham bo‘lgan.

Tadqiqot yakunlari hech bo‘lmaganda bir farzandi bo‘lgan kishilarda o‘lim xavfi befarzandlarga nisbatan kamroq ekanini ko‘rsatgan. 80 yoshlilar orasida farzandli kishilarda o‘lim xavfi - 7,4 foizni, befarzandlarda esa 8,3 foizni tashkil qilgan. Shuningdek ayollar va erkaklar uchun o‘lim xavfi ham farqlanishi ta'kidlangan. 

"Bizning natijalarimiz hayotning so‘nggi pallalariga  borib befarzand kishilarning e'tibor yetishmasligi muammosiga duch kelishini tasdiqlaydi va bu ularning jismoniy salomatligiga ta'sir ko‘rsatadi". 

Doktor Karin Modig, tadqiqot rahbari

Tajriba natijalari yana bir qiziq kashfiyot qilishga imkon berdi: oilali erkaklarda o‘lim xavfi yolg‘iz erkaklarga nisbatan kamroq bo‘lib chiqdi. Shunday qilib, uylanganlar orasida o‘lim xavfi 0,6 foizni tashkil qilgan, bo‘ydoqlar orasida esa - 1,2 foizni. 

Teglar