O‘tgan 8 oyda eng qimmat avtoraqam 441,5 mln. so‘mga sotilgan – O‘zRTXB 

  • 09:23 / 09.09.2021
  • 292

O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yil yanvar-avgust oylarida avtoraqam.uzex.uz savdo tizimiga jami 940 695 ta avtotransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joylashtirilgan bo‘lib, shundan 685 097 tasi jismoniy shaxslar uchun va 255 598 tasi yuridik shaxslar uchun mo‘ljallangan. 

Hisobot davrida 95 123 ta avtoraqamlar bo‘yicha ausion savdolar amalga oshirilgan bo‘lib, ularning jami summasi 195 mlrd. 771,6 mln. so‘mni tashkil etgan. Amalga oshgan bitimlarning 91 foiz ulushi jismoniy shaxslarga (178 mlrd. 92,1 mln. so‘mga teng 89 970 ta avtoraqam) va 9 foiz ulushi yuridik shaxslarga (17 mlrd. 679,5 mln. so‘mga teng 5 153 ta avtoraqam) to‘g‘ri keladi. 

Tuzilgan bitimlarning bittasi bo‘yicha o‘rtacha qiymat 2,1 mln. so‘mni tashkil etib, sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning bahosi esa 441,5 mln. so‘mni tashkil qilgan. 

Bundan tashqari, avtoraqam.uzex.uz axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar soni 298 204 nafarni tashkil etmoqda, shulardan 282 134 nafari jismoniy shaxslar va 16 070 nafari yuridik shaxslarga to‘g‘ri keladi.