O‘tgan yilda isteʼmolchilardan tushgan shikoyatlarning 50 foizi kommunal va transport sohasida bo‘lgan 

  • 10:18 / 29.05.2020
  • 194

Foto : Prezident Matbuot xizmati

2019-yilda isteʼmolchilardan tushgan 11 mingdan ortiq shikoyatlarning 50 foizi kommunal va transport sohasida bo‘lgan. 
 
Bu haqda kecha, 28-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi yig‘ilishda aytib o‘tildi.
 
Yig‘ilishda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar batafsil tahlil qilindi.
 
– Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish haqida ko‘p gapiriladi, lekin amalda bu tizim to‘la tashkil qilingani yo‘q. Buni talab qiladigan muhit yo‘q, bilim yo‘q, ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot yetishmaydi, – dedi davlat rahbari.
 
O‘tgan yilda isteʼmolchilardan tushgan 11 mingdan ortiq shikoyatlarning 50 foizi kommunal va transport, 25 foizi savdo, qolgan 25 foizi aloqa, moliyaviy xizmatlar va boshqa sohalarga oid bo‘lgan.
 
Bunga asosiy sabab – monopol korxonalar o‘z manfaatiga moslab hujjatlar ishlab chiqqan bo‘lib, ularda isteʼmolchilar manfaati to‘liq inobatga olinmagan.
 
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vakolatlarini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
 

Yig‘ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qaror loyihasi tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
 
Qo‘mitani isteʼmolchilarning manfaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri himoya qiladigan xalq vakillik organi – Oliy Majlisga hisobdor etib belgilash masalasini ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi.
 
Yig‘ilishda iqtisodiyotda imtiyozlardan samarali foydalanish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Maʼlum qilinishicha, imtiyozdan foydalangan 23 ta yog‘-moy korxonasida yangi ish o‘rinlari yetarlicha tashkil etilmagan.
 
Aksincha, parrandachilik va baliqchilik sohalarida raqobat muhiti yaratilgani natijasida so‘nggi 4 yilda parranda go‘shti yetishtirish 100 ming tonnadan 205 ming tonnagacha, baliq 65 ming tonnadan 122 ming tonnagacha ko‘paygan.
 
– Parrandachilik va baliqchilik uyushmalari monopoliyadan ozod qilingani natijasi sezilyapti. Tadbirkorlar o‘zini emin-erkin his qilib, harakat qilyapti. Narx va sifat jihatidan bozorga munosib tovar va xizmatlar chiqishi kerak. Raqobat bo‘lsa, aholining tanlash imkoniyati va sotib olish qobiliyati oshadi, odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.