Oylikdan oylikkacha yashamaslik uchun...

  • 13:56 / 13.02.2020
  • 4968

Shuncha orziqib kutgan kuningiz ham keldi – bugun oylik maosh oladigan kun! Qo‘lga maosh tegishi bilan uni bilib-bilmay sarflab yuborish oqibatida, bir bahyada qo‘lingizda pul qolmaganligini payqaysiz. Qarabsizki, yana keyingi oylik maoshni kutishga majbur bo‘lasiz.
 
Oylikdan oylikkacha yashamaslik uchun nima qilish kerak? Nima qilsak, oylik maoshimiz bir oyga yetadi...

• Oylik maoshingizdan ma’lum bir qismini chetga olib qo‘ying
Qo‘lingizda pul deyarli qolmagan vaqtda, qayergadir berkitgan xazinangiz jonga oro kirishi mumkin. Oylik qo‘lga tushgan vaqtda, olib qo‘ygan kamdek ko‘ringan 300-400 ming, vaziyat taqchil vaqtda ko‘pdek ko‘rinadi. Ularni faqatgina ovqat va yo‘lkira uchun ishlating.

• Yo‘lkirani ham tejash mumkin
Ishxonangiz uyingizdan unchalik uzoq bo‘lmasa va tashqarida muzlatuvchi ob-havo hukmronlik qilmasa, siz transport vositasidan umuman voz kechishingiz mumkin. To‘g‘ri, bunda jamoat transportida borilgan 20 daqiqa, 40-45 daqiqaga aylanishi mumkin. Ammo toza havoda qilingan bunday sayr ham tejashga, ham salomatlikni yaxshilashga yordam beradi.

Agar shaxsiy avtomobilingiz bo‘lsa, unda sarflanuvchi yoqilg‘ini ham tejash haqida o‘ylab ko‘ring. Balki, bir hafta jamoat transportida yurib ko‘rarsiz? Bir o‘ylab ko‘ring, yoqilg‘isiz yo‘lda o‘chib qolgan mashinani olib ketish ham qimmatga tushishi mumkin...

Agar yon qo‘shningizning ishxonasi siz tomonga yaqin bo‘lsa, qanday baxt? Undan sizni olib borib qo‘yishini so‘rashingiz yoki yarim yo‘lgacha yetib olishingiz mumkin. 

Oziq zaxirasi haqida ham o‘ylash kerak
Oylik maosh qo‘lingizga tekkan vaqt 1-2 haftalik menyu tuzib qo‘yishni unutmang. Muzlatgichingiz to‘liq bo‘shagan vaqtda shkafda g‘amlab qo‘ygan mahsulotlarning foydasi tegadi. Ular bilan ortiqcha xarajatlardan tiyilasiz va och ham qolib ketmaysiz.

Arzonroq mahsulotlarni sotib olish
Agar siz qimmat go‘sht, qimmat guruch turlarini olishga odatlangan bo‘lsangiz, pul tugagan vaqtda bu odatni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi. Yaxshisi, bozorga borib, savdolashib mahsulot sotib oling. Chegirma bilan sotilayotgan mahsulotlarni olish ham zarar qilmaydi.

Umumiy ovqatlanish joylariga kirmagan ma’qul
Pulingiz tugay deganda tushlikni uyda pishirilgan ovqat bilan qilishingiz mumkin. Ovqat tayyorlash uchun sotib olingan mahsulotlar “biznes-lanch”lariga pul sarflashdan ko‘ra arzonroq tushadi. 

Bepul ko‘ngilxushliklardan foydalanmaslik
Har hafta kino, teatr, klub yoki bouling o‘ynashga borarmidingiz? Pul oxirlab qolgan vaqtda bunday sarf-xarajatli joylardan chetroq yurgan ma’qul. Nima, hordiq chiqarmay yuraymi, deysizmi? Dam oling, albatta. Istirohat bog‘ida yurib ham dam olishingiz mumkin.

Keraksiz narsalarni sotish
Uyingizda nuqul sizga xalaqit qiluvchi, ortiqcha buyum yoki kiyimlaringiz bo‘lsa kerak. Ularni sotib yuborish ham sizga pul keltirishi mumkin. Sotishni tezlashtirish uchun ularning rasmini va kerakli ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardagi maxsus saytlarga joylashtirish orqali ham tezlashtirish mumkin. Ammo narx borasida o‘ylab ko‘ring: yaxshisi ularning narxi arzon bo‘lgani yaxshi.