O‘zA faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi

  • 09:52 / 03.12.2019
  • 51

Kecha – 2-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) faoliyatini takomillashtirishga oid qarorini imzoladi.
Unda O‘zA’ning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Xususan:
– O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy ma’lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish; 

– O‘zbekiston qonunlari, Prezident qarorlari, rasmiy bayonotlari va ma’ruzalarini, shuningdek, Oliy Majlis palatalari va Hukumat qarorlari va ularning faoliyatiga oid axborotlarni muntazam yoritib borish; 

– respublikaning ichki va tashqi siyosatini, mamlakatida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlarni tezkor yoritish; 

– jamoatchilikning katta qiziqishini uyg‘otayotgan voqealarning mohiyati bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda ma’lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilib borish;

– axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan uzviy hamkorlik qilish va ulardan tizimli ravishda statistik, tahliliy va boshqa turdagi ma’lumotlarni olish; 

– boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi uchun yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy
va madaniy rivojlanishiga oid ma’lumotlar (axborot, foto va video materiallar) bazasini shakllantirish; 

– o‘quvchilar uchun qulay va qiziqarli shaklda O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mamlakatning ko‘p yillik tarixi va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini namoyish etishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish; 

– yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni dunyoga keng tarqatish, jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida mamlakatimiz aholisiga tezkor axborot yetkazib berish, xorijdagi axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari, media-tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish.