O‘zA Maslahat kengashi tuziladi  

  • 12:10 / 03.12.2019
  • 22

2-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) faoliyatini takomillashtirishga oid qarorini imzoladi. 

Unda O‘zA huzurida agentlik faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha Maslahat kengashi tuzish belgilandi. 

Quyidagilar Maslahat kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi:

– O‘zA faoliyati haqida keng jamoatchilik fikrini tahlil qilgan holda uning samaradorligini yanada oshirish hamda agentlikning axborot makonidagi o‘rni va rolini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; 

– O‘zA faoliyatining rivojlanish darajasini o‘rganish, agentlikka metodik tavsiyalar berish, uning ishida yuzaga keladigan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish;

– davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish rejalarini belgilash, tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish;

– xalqaro va xorijiy axborot agentliklari, xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishiga ko‘maklashish va ular ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish.