O‘zA xodimlari cheklangan soni ma’lum bo‘ldi  

  • 13:12 / 03.12.2019
  • 208

Kecha – 2-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) faoliyatini takomillashtirishga oid qarorini imzoladi. 

Unda agentlikda faoliyat yuritishi lozim bo‘lgan xodimlar soni aniq belgilandi hamda quyidagilar tasdiqlandi. 

– O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xodimlarining umumiy cheklangan soni 155 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlarining soni 13 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi;
– Qoraqalpog‘iston axborot agentligi xodimlarining umumiy cheklangan soni 13 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlarining soni 2 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi;
– O‘zA tomonidan 2022-yil 31-dekabrga qadar chetdan olib kelinganda bojxona to‘lovlaridan ozod etiladigan texnika vositalari ro‘yxati. Bunda bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari nazarda tutilmaydi. 

Shuningdek, O‘zA bosh direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. 

O‘zA bosh direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra vazirga, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari esa tegishlicha vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi. 

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra, O‘zA bosh direktori o‘rinbosariga tenglashtiriladi. 

Quyidagilar O‘zA va Qoraqalpog‘iston axborot agentligi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:
– O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
– O‘zA va Qoraqalpog‘iston axborot agentligining budjetdan tashqari mablag‘lari;
– qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar. 

O‘zA bosh direktoriga quyidagi vakolatlar berildi:
a) O‘zA va Qoraqalpog‘iston axborot agentligi tuzilmasi shtatlar soniga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish; 

b) O‘zA’ning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan:
– davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali xodimlarini, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni maslahatchi sifatida jalb etish; 

– ijodiy tanlovlar o‘tkazish, tanlov ishtirokchi va g‘oliblarini mukofotlash, shuningdek, O‘zA’ning xodimi bo‘lmagan faol mualliflarni rag‘batlantirish;
O‘zA moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, shu jumladan, ularga ustamalar to‘lash;
– zarur hollarda, mintaqaviy muxbirlik punktlarida qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish.