Ozamiz! Eng samarali ta'sir ko‘rsatuvchi mahsulotlar ro‘yxati

  • 07:10 / 11.06.2018
  • 32437

Ko‘ngildagidek ko‘rinishga ega bo‘lish uchun eng avvalo ortiqcha vazndan xalos bo‘lish kerak. Turli-tuman parhezlar bizdan yetarlicha iroda kuchi va mablag‘ni talab qiladi. "Shafqatsiz qurbonliklarsiz" sarvqomat bo‘lish imkonini beruvchi vosita bormikan? Afsuski, "Go‘zallik qurbonliklarni talab qiladi" degan gap hozircha o‘z kuchini yo‘qotmagan va muayyan jismoniy mashqlarsiz xavfsiz hamda samarali ozishning iloji yo‘q.

Biroq ilm-fan joyida to‘xtab qolgani yo‘q, olimlar ortiqcha vaznga qarshi kurashishning tobora yangi usullarini kashf qilishmoqda. Ana shunday ozish usullaridan biri ratsionga yog‘ parchalovchi oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shish hisoblanadi.

1. Sut mahsulotlari

 

Foto: vahdetsut.com

Sut mahsulotlari (sutdan tashqari) organizmda hujayralarni yog‘ parchalashga majbur qiluvchi kalsitriol gormoni sonini oshiradi. Yog‘siz sut mahsulotlari: yogurtlar, kefir, tvorog, qatiq — mutaxassislarning fikricha, ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga va qayta o‘zlashtiriluvchi yog‘lar sonini kamaytirishga yordam berar ekan. Sut zardobi yog‘ metobolizmini tezlashtiruvchi yuqori sifatli sut proteiniga ega. U organizmning energiya sarfini kompensatsiya qilish maqsadida teri ostidagi yog‘ning parchalanishiga turtki beradi.

2. Zanjabil

Zanjabil "qaynoq" mahsulotlar sirasiga kiradi. U oshqozonni yaxshi sekretsiya va qon bilan ta'minlaydi va shu tariqa organizmda moddalar almashinuvi jarayonini tezlashtiradi. Efir yog‘larining yuqori miqdori tufayli zanjabil metabolizmni kuchaytiradi va bu yog‘ hujayralarining tezroq parchalanishiga olib keladi. Bundan tashqari, zanjabil teri holatini yaxshilaydi, uni yosh va chiroyli qiladi.

3. Karam

Foto: vnews.agency

Oq karam, gulkaram, brokkoli — ortiqcha vaznga qarshi kurashda beminnat yordamchilar. Oq karam organizmda cho‘tka kabi ishlaydi va shu tariqa uni ortiqcha narsalardan tozalaydi. Brokkoli — vitamin va mikroelementlar xazinasi. Ulardan biri — indol-3-karbinol estrogenlar almashinuvini normallashtiradi. Karam vitaminlarga boyligi bo‘yicha brokkolidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Karam — kam kaloriyali mahsulot, shuning uchun uni hech qanday cheklovlarsiz ovqatga qo‘shish mumkin.

4. Bodring

Foto: wowfood.club

Bodring — ozish uchun samarali vosita, biroq u mavsumiy xususiyatga ega bo‘lib, aynan tabiiy yetilgan davridagina maksimal foyda keltiradi. Ularni hosil hali u qadar kattalashib, urug‘lari esa yoyilib ketmasidan iste'mol qilish tavsiya etiladi. Bodring po‘sti imkon qadar archilmaydi, chunki vitamin va minerallarning katta qismi aynan shunda. Bodring organizmga diuretik ta'sir ko‘rsatadi, bu esa uni kam kaloriya bilan birga ortiqcha vaznga qarshi kurashayotgan odamlar oziqlanishi uchun ham bebaho mahsulotga aylantiradi.

5. Dolchin (koritsa)

Bu mahsulot ortiqcha vaznga qarshi kurashda nisbatan yaqindan qo‘llanib kelinadi. Shunga qaramay, u o‘zini ajoyib yog‘ parchalovchi vosita sifatida namoyon qilishga ulgurdi. Dolchin qondagi qand miqdorini kamaytiradi va shu tariqa yog‘lar akkumulyatsiyasini sekinlashtiradi. Dolchinni choy, kefir, qahvaga qo‘shish mumkin. Agar 1 choy qoshiq asal, yarim choy qoshiq dolchin, qaynagan suvda dimlanib iste'mol qilinsa, organizmdagi yog‘lar eriydi.

6. Greypfrut

Greypfrut parhezi — afsona emas. Skripps klinikasi tadqiqotchilari 12 hafta davomida yarim greypfrut iste'mol qilgan kishilar o‘rtacha 1,5 kilogrammga ozishganini aniqlashgan. Bu sitrus o‘zining kimyoviy xususiyatlari sabab S vitaminiga to‘la, u insulin darajasini kamaytiradi, bu esa vazn kamayishiga olib keladi.

Bu ajoyib meva — organizmdagi yog‘larning eng faol qotili. Flavonoid va naringinning yuqori miqdori tufayli u kuchli peshob haydovchi ta'sirga ega, shu bilan birga, u organizmga taom bilan kiruvchi yog‘larni ajratib chiqarishga qodir. Biroq shuni yodda tutish kerakki, greypfrutni ichidagi achchiq tasmalarini tozalamay yeyish kerak, chunki yog‘larni parchalovchi modda aynan shu yerda.

7. Ko‘k choy

Foto: gulmill

Ko‘k choy — yog‘larning "qotili". Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ko‘k choy ekstrakti moddalar almashinuvini tezlashtiradi va vazn tashlashga yordam beradi. Bu choy kayfiyatni yaxshilaydi va ehtimol, antikanserogen xususiyatlarga ega, shuningdek yurak kasalliklarini oldini olishda yordam beradi. Ko‘k choy yulduzlar orasida juda urf bo‘lgan ichimlikdir. U organizmda moddalar almashinuvini 15-20 foizga tezlashtiruvchi katta miqdordagi tabiiy kofeinga ega. Ko‘k choy nafaqat teri ostidagi yog‘larni, balki eng xavfli hisoblangan visseral - ichki yog‘ni ham osonlikcha yuvadi. Kuniga uch piyola ko‘k choy ichilsa, hatto juda semiz kishilar ham ozadi.

8. Suv

Yangi tadqiqot suv vaznni kamaytirish jarayonini tezlashtirishidan dalolat bermoqda. Germaniyalik olimlar kuniga 500 ml suv ichgan tadqiqot ishtirokchilari kaloriyalarni parchalash tezligini 30 foizga oshirganini aniqlashdi. Suv shuningdek organizmdan tuz va toksinlarni yuvib chiqarib, ishtahani tabiiy so‘ndiruvchi hisoblanadi. Yetarli miqdorda suv ichib, siz shuningdek tashnalikni ochlik sifatida qabul qilishdek xatolarni chetlab o‘tishingiz mumkin.

9. Malina

Malina yog‘larni parchalashga turtki beruvchi meva enzimlariga ega. Yarim soatda iste'mol qilingan yarim stakan malina oshqozonga ko‘p ovqatni o‘zlashtirishga yordam beradi. Bu meva metabolizmni tezlashtiradi. Boz ustiga, 100 gramm malinada atigi 44 kaloriya mavjud.

10. Xantal

Xantal oshqozon suvi sekretsiyasini rag‘batlantiradi va oshqozon-ichak trakti faoliyatini yaxshilaydi.

11. Apelsin

Yog‘larni parchalovchi mahsulotlar albatta qandaydir bemaza narsa bo‘lishi kerak, deb kim aytdi? Bir apelsin 70-90 kaloriya "vazn"ga ega. Asosiysi, bu meva iste'mol qilingandan keyin to‘qlik hissi 4 soatgacha saqlanib qoladi.

12. Bodom

Bodomda mavjud yog‘larning faqat 40 foizi hazm bo‘ladi. Qolgan 60 foizi to‘yinish va ajralishga ulgurmay organizmdan chiqadi, ya'ni bodom to‘yintiradi va bunda o‘zidan keyin keraksiz kaloriyalarni qoldirmaydi.

13. Yerqalampir

Yerqalampir (tarkibida efir moyi bo‘lgan va ovqatga dorivor sifatida ishlatiladigan achchiq o‘simlik) ildizida mavjud fermentlar yog‘larning parchalanishiga olib keladi. Baliq va go‘shtli taomlarga yerqalampir bilan ishlov bering.

14. Loviya

Foto: dachnaya-zhizn.ru

Dukkaklilar — organizmimiz uchun juda zarur bo‘lgan o‘simlik oqsili manbai. Oqsil o‘z-o‘zidan metabolik, bu unga yog‘ hujayralarini ortiqcha qiyinchiliksiz parchalash imkonini beradi. Boshqacha aytganda, oqsil mahsulotlarini o‘zlashtirish uchun organizm ko‘p quvvat sarflaydi, uni esa yog‘ zaxiralaridan oladi. Parhezshunoslar garnir o‘rniga loviya iste'mol qilishni yoki uni salatga qo‘shishni tavsiya qilishadi.

15. Kokos suti

Kokos sutida moddalar almashinuvini tezlashtiruvchi yog‘lar mavjud.

16. Ananas

Ananas yaqin vaqtgacha yog‘larni faol parchalovchi va ortiqcha vaznga qarshi kurashda yordam beruvchi mahsulotlarda keng reklama qilingan bromelayn fermentiga ega. Afsuski, olimlar uning oshqozon shirasi ta'siri ostida o‘z fermentativ xususiyatlarini yo‘qotishini aniqlashdi. Shunday bo‘lsa-da, ananas ovqat hazm qilishni yaxshilaydi va ochlik hissini muvaffaqiyatli kamaytiradi.

17. Papayya

Papayya lipidlarga ta'sir qiluvchi va oqsillarni ajratuvchi fermentlarga ega. Biroq papayya parhezida o‘tirishdan ma'no yo‘q, chunki fermentlar organizmga tushganidan 2-3 soat o‘tib o‘z faolligini yo‘qotadi. Istalgan ta'sirga erishish uchun papayyani bevosita taom iste'mol qilishdan avval, ovqat vaqtida yoki undan keyin yeyish kerak.

18. Olma va nok

Foto: tokkoro.com

Kuniga uch kichik olma yoki nok iste'mol qilgan ortiqcha vaznga ega ayollar o‘z parheziga mevalar qo‘shmaganlarga nisbatan ko‘proq vazn yo‘qotishgan. Rio-de-Janeyro davlat universiteti tadqiqotchilari shunday xulosaga kelishdi. Sabzavotlar bilan oziqlanganlar umumiy hisobda kamroq kaloriya iste'mol qilishgan. Shuning uchun keyingi safar shirinlik yegingiz kelganda sellyuloza ko‘p bo‘lgan past kaloriyali mahsulotlarni iste'mol qiling. Siz to‘qlik hissini ko‘proq tuyasiz va kamroq ovqatlanasiz.

19. Suli yormasi

Suli yormasi - eruvchan sellyulozaning ajoyib manbai. To‘qlik hissini beradi va jismoniy mashqlar uchun zarur quvvat baxsh etadi.

Yog‘larni parchalovchi mahsulotlar — ortiqcha vaznga qarshi kurashishda bizning ishonchli yordamchilarimiz. Biroq shuni yodda tutish lozimki, birorta oziq-ovqat mahsuloti to‘g‘ri tuzilgan ratsion va yetarlicha jismoniy harakatlarsiz ortiqcha yog‘lardan xalos bo‘lishga olib kelmaydi.

Teglar