“O‘zavtosanoat” Rossiyada Spark rusumli avtomobillarni “Atlas” brendi ostida ishlab chiqarmoqchi

  • 10:57 / 25.09.2019
  • 493

“O‘zavtosanoat” AJ Rossiyada Spark rusumli avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyiha ishlab chiqmoqda. Bu haqda “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqovga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Yangi korxona Karachay-Cherkes Respublikasi hududida ishga tushiriladi. Spark modeli Rossiyada “Atlas” brendi ostida ishlab chiqariladi. “Hozirda ikki tomonlama ishchi guruh Karachay-Cherkess uchun texnik-iqtisodiy asoslash ustida ishlamoqda. Loyihaga ko‘ra, u yerda ishlab chiqarilgan avtomobillar raqobatbardosh va arzon bo‘lishi kerak”, – dedi Umurzoqov.

Birinchi “Atlas” avtomobillari Rossiyada kelgusi yilning birinchi choragida yig‘ilishi kutilmoqda. “Agar boshqa modellarni ishlab chiqarishga ruxsat berilsa, biz ular ustida ham ishlaymiz”, – deya qo‘shimcha qildi Umurzoqov.