O‘zbek milliy taomlari Hindiston taomlari menyusiga kiritiladi

  • 12:55 / 13.02.2020
  • 423

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda, Hindistonda o‘tkazilayotgan “Surajkund Mela” festivali doirasida 9-fevral kuni “Uzbek Food Festival” o‘zbek milliy taomlari festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.

Festivalda Hindistonning yetakchi turistik kompaniya, mehmonxona va restoranlari vakillari o‘zbek milliy taomlari hamda buxorolik san'atkorlar tomonidan tashkil etilgan konsert dasturidan bahramand bo‘lishdi. Ishtirokchilar festivalda namoyish etilgan o‘zbek milliy taomlariga yuqori baho berib, Hindistonda o‘zbek oshxonalarni ko‘paytirish hamda restoranlar menyusiga milliy taomlarimizni qo‘shishga oid takliflar berishdi.

So‘nggi yillarda xorijiy restoratorlar tomonidan o‘zbek oshxonasiga bo‘lgan qiziqish ortib, o‘zbek taomlari tobora ommalashib bormoqda. “Uzbek Food Festival” o‘zbek milliy taomlari festivali Hindistondagi “The Societe” restoranida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu restoran direktori Praven Nayyar o‘zbek taomlarini albatta o‘z menyusiga kiritishini ma'lum qildi. 

Eslatib o‘tamiz, “Uzbek Food Festival” o‘zbek milliy taomlari festivali joriy yilning 1-fevral kuni boshlangan bo‘lib, 16-fevralga qadar davom etadi.