O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida yangi rektor ish boshladi

  • 14:05 / 16.06.2020
  • 925

O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi rektori lavozimiga O‘rinbayev Kamoliddin Turdimuratovich nomzodi tasdiqlandi. Bu haqda Madaniyat vazirligi Axborot xizmati maʼlum qildi.
 
Kamoliddin O‘rinbayev 1985-yilda tug‘ilgan, 2007-yilda O‘zbekiston Davlat konservatoriyasini, 2009-yilda mazkur konservatoriyaning magistraturasini, 2014-yilda P.I.Chaykovskiy nomidagi Moskva davlat konservatoriyasini tamomlagan.
 
Mutaxassisligi orkestr sozandasi (g‘ijjak), Opera simfonik orkestri dirijyori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan mukofotlangan.
 
Shu kunga qadar Yoshlar simfonik orkestri dirijyori lavozimida ishlagan.
 
O‘rganish natijalari va bildirilgan fikrlarga ko‘ra K.O‘rinbayev o‘zbek va jahon klassik musiqa durdonalarini yaxshi biladigan, simfonik orkestrlar faoliyatini samarali tashkil eta oladigan, bu yo‘nalishda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi hamkasblari bilan doimiy aloqa o‘rnatgan malakali mutaxassis hisoblanadi.
 
Faoliyati mobaynida Italiya, Fransiya, va Rossiya kabi davlatlarda o‘z sohasi bo‘yicha tajriba orttirgan.
Ayni paytda “O‘zbek milliy musiqa sanʼatini rivojlantirishda Farobiy asarlarining o‘rni” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yakunlash arafasida.
 
Kamoliddin O‘rinboyevning ushbu vazifani sidqidildan ado etishida katta ishonch bildirildi. Kreativ yondoshuvi orqali Konservatoriyada sanʼat sohasani yana-da rivojlantirib va uni dunyoga olib chiqishdek masʼuliyatli vazifa zimmaiga yuklatildi.