O‘zbekiston kelgusida “Turkmanboshi” dengiz portidan foydalanishi mumkin

  • 11:26 / 15.09.2021
  • 124

O‘zbekiston Turkmaniston tomoni bilan kelgusida “Turkmanboshi” dengiz porti infratuzilmasidan foydalanish istiqbollarini muhokama qildi.

Ushbu muhokama Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha Toshkentda tashkillashtirilgan O‘zbekiston-Turkmaniston Hukumatlararo komissiyasining 16-yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari E.Orazgeldiyev hamraisligida bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish kun tartibidan investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, ilmiy-texnik, transport va tranzit, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalari joy oldi.

Qayd etilishicha, ayni paytda O‘zbekistonda turkman kapitali ishtirokida 160 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda hamda joriy yilning birinchi yarmida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 20 foizga oshdi.

Yig‘ilishda o‘zaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi sa’y-harakatlar rejalashtirildi. Jumladan, tomonlar ikki mamlakat bozorlariga o‘zbek va turkman mahsulotlarini barqaror yetkazib berishni ta’minlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga hamda o‘zbek-turkman savdo aylanmasi hajmini yaqin kelajakda 1 mlrd dollarga yetkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, yaqin kelajakda O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish to‘g‘risidagi Bitim loyihasini kelishish ham yakuniga yetkaziladi.

Ikki mamlakat o‘rtasida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, tomonlar transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish, aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich qayta tiklash, 2022-yilda o‘zaro tarif imtiyozlarini taqdim etish, “Turkmanboshi” dengiz porti infratuzilmasidan foydalanish istiqbollari hamda boshqa tashabbuslarni nazarda tutuvchi qo‘shma choralarni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib oldilar.

Yig‘ilish yakunida tadbir davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari aks etgan O‘zbekiston-Turkmaniston HK 16-yig‘ilishi Bayonnomasi imzolandi.