“O‘zbekiston” mehmonxonasi 10 yil davomida asosiy faoliyat turini saqlash sharti bilan Singapur kompaniyasiga sotildi

  • 09:34 / 28.05.2020
  • 511

“O‘zbekiston” mehmonxonasi singapurlik investorlarga sotildi. Singapur kompaniyasi 24 oy ichida "Otel Uzbekistan" MChJ QKning 80,13 foiz davlat ulushini sotib olish bo‘yicha 24 oy mobaynida 23,2 mln dollar to‘laydi va 1,5 yil ichida 100 mlrd. so‘m investitsiya kiritadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’lum qilishisa, "Otel Uzbekistan" MChJ QKning 80,1 foiz davlat ulushi dastlab, 33,0 mln. AQSh dollariga tanlov savdolari orqali sotuvga chiqarilgan edi.

Mazkur davlat ulushini sotish shartlari etib xarid to‘lovini to‘lashdan tashqari:

a) 2 yil muddatda 100,0 mlrd. so‘m investitsiya kiritish;
b) davlat ulushini sotib olgandan so‘ng 10 yil davomida asosiy faoliyat turini (mehmonxona xizmatini ko‘rsatish) saqlash;
v) tashqi fasadini o‘zgartirmasdan mehmonxonani ta’mirlash;
g) mehmonxonani boshqarishga eng yaxshi menejerlarni jalb qilish belgilangandi.

Yuqorida ko‘rsatilgan narxda (33,0 mln. AQSH dollariga) talabgorlardan murojaat tushmaganligi sababli, davlat ulushining boshlang‘ich narxi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi "Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" PQ–2200-son qaroriga asosan, 10 foizdan bosqichma-bosqich 30 foizgacha pasaytirilgan holda 23,1 mln. AQSh dollari narxida tanlov savdolariga chiqarilgan.

Natijada "Otel Uzbekistan" MChJ QKning 80,13 foiz davlat ulushini sotib olish bo‘yicha "Bashan investment group pte ltd" (Singapur) kompaniyasining - 24 oy mobaynida 23,2 mln dollar to‘lash, 1,5 yil ichida 100 mlrd. so‘m investitsiya kiritish va 4 yulduzli mehmonxona tashkil etish taklifi Davlat tender komissiyasi tomonidan ma’qullangan.

“Ushbu qarorga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va "Bashan investment group pte ltd" (Singapur) kompaniyasi o‘rtasida yuqorida ko‘rsatilgan shartlar asosida
"Otel Uzbekistan" MChJ QKning 80,13 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha shartnoma imzolandi”, deyiladi Agentlik xabarida.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi "Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investiysiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 661-son qaroriga muvofiq "Otel Uzbekistan" MChJ QKning 80,1 foiz davlat ulushi ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan edi.