O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasiga vitse-prezident saylandi

  • 16:44 / 23.09.2021
  • 377

Joriy yil 23-sentyabr kuni O‘zbekiston Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasida viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbarlari va boshqa mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tashkilotga yangi vitse-prezident saylash masalasi ko‘tarilgan. Bu haqda Otabek Umarov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan assotsiatsiya vitse-prezidentligiga 93 kg vazn toifasida WTKF chempioni, yakkakurash sport turlarida ko‘p karra O‘zbekiston, Osiyo va Jahon chempioni, Buxorodagi “Amir Temur” klubi hamda ATF Championship promousheni asoschisi hisoblangan Muzaffar Rajabov nomzodi munosib deb topildi.

Shu tariqa Muzaffar Rajabov O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Qo‘l jangi federatsiyasi Buxoro viloyat bo‘limining raisi lavozimida faoliyat olib boradi.

Ma’lumot uchun, MMA assotsiatsiyasining avvalgi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev joriy yil 19-iyul kuni yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgandi.