O‘zbekiston nega yosh sayyohlar uchun jozibador emas?

  • 10:53 / 29.11.2018
  • 16282

So‘nggi ikki yilda (ha, aynan shu o‘tgan 24 oy ichida) O‘zbekiston turizmining salohiyati bo‘y ko‘rsatib, hukumat industriya ortidan mo‘may daromad topishni o‘ylab qoldi. To‘g‘ri-da, sayyohlarni O‘zbekistondagi barcha narsa qiziqtiradi: ochiq osmon ostidagi muzey-shaharlar, milliy taomdan tortib etno-folklor o‘yinlar, diniy qadamjolar, ekoturizm, qo‘yingki, hamma tomonlama turizmning istiqboli baland.

Joriy yilning 9 oylik statistik ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatga 3 mln. 900 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravarga  (1 mln. 888 ming) ko‘paydi. Ammo bir savol o‘ylantiradiki, uning mohiyatida qaltislik jihati ham bor - turist deganda kimni tushunishimiz kerak?

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bunga qadar Turizmni rivojlantirish qo‘mitasiga rahbarlik qilgan paytlar qiziq gapni aytgandi: “Masalaga jiddiyroq nazar tashlasak, 70-80 foiz turistlar oqimi qo‘shni davlatlardan kirib kelayotgan mehmonlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, ularning barchasi mehmonxonada tunamaydi, ko‘pincha sayohat bir kunlik bo‘ladi”.

Demak, Jahon turizm tashkiloti metodologiyasi asosida hisoblangan raqamlar bizni qoniqtirmaydi. Gap shundaki, bizni mehmonxonada tunab, restoranlarda ovqatlanadigan, qaytishda suvenir sotib olib, suratlarini ijtimoiy tarmoqqa joylaydigan sayyohlar qiziqtiradi. Abduhakimovning fikricha, 2017 yil, aslida, 200 ming atrofida sayyoh O‘zbekistonga kelgandi. Statistikaning qay uslubda, kim uchun va nima uchun tuzilishi keyingi masala, haqiqat shuki, ko‘hna Movarounnahr o‘z salohiyatiga mos miqdordagi sayyohlarni ayni paytda jalb eta olmayapti.

Tanganing ikkinchi tomonida esa boshqa manzara paydo bo‘ladi: ana shu kelgan chet elliklarning ham aksariyati 35 yoshdan katta bo‘lgan shaxslardir. O‘zbekiston yosh sayohatchilar uchun jozibador emasmi?

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘tkirbek Xolbadalovning aytishicha, turistlarning 7 foizi uzoq xorijiy mamlakatlar, 8 foizi MDH mamlakatlari (asosan, Ozarboyjon, Armaniston, Moldova, Rossiya va Ukraina), qolgan 85 foizi esa qo‘shni respublikalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

“Nima uchun bunday katta ko‘rsatkich yaqin mamlakat fuqarolari hisobiga boyitilmoqda, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Ma'lumki, uzoq masofa bosib kelgan ko‘pchilik turistlar 2-3 kun ichida sayohatini tugatib qaytib ketishni istamaydi. Turist uchun eng qulay sayohat nuqtasi yashab turgan joyidan 4 soat uzoqlikda bo‘lgani ma'qul. Shuning uchun xorijiy mehmonlarning katta qismi qirg‘iz, tojik, qozoq va turkman fuqarolaridan iborat. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda bu raqam umumiy miqdorning 89 foizini, Gruziyada esa 87 foizni qamrab olgan”, deydi u.

Lekin asl holatni hisobga olsak, Qozog‘iston fuqarolarini Xitoy, Rossiya, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda yashovchi fuqarolar bilan yaqin qarindoshlik aloqalari bog‘lab turishi, “kulrang” biznes turlari bo‘yicha tashriflar ham turizm kategoriyasida hisoblanmoqda.

“Asosan 45-55 yoshli turistlar yurtimizni ziyorat qilishadi. Umumiy sonning 22 foizi 19-30 yoshlilar, 52 foizi 31-55 yoshdagilar, 55 va undan yuqori bo‘lgan turistlar 19 foizni tashkil qiladi. 2010 yil xorijiy mehmonlarning o‘rtacha yoshi 60 bo‘lgan bo‘lsa, hozir 45 yoshga pasaydi. Bu turistik salohiyatimiz oshib borayotganligidan dalolatdir”, deydi qo‘mita vakili.

So‘nggi olti yil ichida sayyohlarning o‘rtacha yoshi pasaygan bo‘lsa, bu vaqt oralig‘ida nimadir ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi, demak, yosh yevropalik juftlik ham, yaponiyalik talabalar ham O‘zbekistonga qiziqish tayin. Buning uchun xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, ayniqsa, elektron platformalar orqali xizmatlarni taklif etish haqida bosh qotirish lozim. Mana shu nuqtada bizning muammolarimiz boshlanadi.

1. Reklama va aviakompaniya

Har qanday yosh sayyoh qarorlarni bir zumda qabul qiladi, sayohatga kutilmaganda otlanishni xush ko‘radi. Uzoq o‘ylab ham o‘tirmay, internetni kavlaydi va shuning o‘zi yetarli. Ming afsuski, xorijiy saytlarda “O‘zbekiston” so‘zi juda ko‘p salbiy xabarlar bilan bog‘lanadi. Bu go‘shaning go‘zalliklari qolib, mamlakat imijiga mos kelmaydigan suratlar paydo bo‘ladi. Biror turistik firma yo agentlik muntazam axborot ulashish platformasiga ega emas. Bundan tashqari, O‘zbekistonga istalgan paytda birdan yo‘l olish murakkab vazifa. To‘g‘ri, chet elliklar uchun viza tartibi ancha soddalashtirildi, elektron viza olish imkoni mavjud. Shunga qaramay, parvozlar muntazam emas. Umuman “O‘zbekiston havo yo‘llari”dan tashqari ayrim bir kompaniyalarni qatorga qo‘shmasak, Toshkent xalqaro aeroporti boshqa xorijiy samolyotni ko‘rmadi. Reyslarga chipta sotib olish, masofadan turib masalalarni hal etish ham murakkab.

2. Band etish va takliflar

Aeroportdan chiqib kelgan har qanday mehmon o‘zining ismi yozilgan tablig‘ ko‘targan haydovchiga duch kelishni istaydi. Yo‘q, Toshkentda aksincha bo‘lishi tabiiy holatga aylandi-ku: ularni mehmondan ko‘proq pul “shilib” olishni istagan “bombilalar” kutyapti.

Bu manzara boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Masalan, Uber kabi xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro elektron platformalarni O‘zbekistonda ishlashiga sharoit yaratish kerakdir, MyTaxi kabi milliy kompaniyalarning unib-o‘sishi uchun imtiyozlar talab etilar.

Sayyohlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, mehmonxona topib beradigan Booking ilovasi mahalliy qo‘noqlar bilan yaxshi integratsiyalashmagan. Umuman, xorijiy mehmonlar uchun, hukumat qarori bilan, qulay sharoit va narxlarda joy taklif etuvchi hostellar ko‘paydi, ammo ular haqida ma'lumot beruvchi mobil ilovalar kam.

3. Plastik karta va naqd pul

Xorijiy mehmonda mahalliy valuta bo‘lmaydi, tabiiyki, u valuta ayirboshlash shoxobchasiga yuguradi. Bank muassasalaridan tashqari bunday xizmat, xorijiy har qanday davlatda uchragani kabi, xususiy shoxobchalar orqali taqdim etilmaydi. Ya'ni, pulni ayirboshlash uchun punkt qidirib yuraverish jonga tegadi, buning ustiga tungi soatlarda ko‘chada bunday shoxobcha ishlamaydi. Xalqaro plastik kartalar ham har qanday xizmat ko‘rsatish markazida qabul qilinmaydi. Raqamli pulni naqdlashtirish uchun bankomat qidirib topish, valuta ayirboshlash shoxobchasini topishdan qiyin.

Shuncha qiyinchilik turganda, qaysi yosh sayyohga O‘zbekistonga kelib, uning tarixiga mahliyo bo‘lish yoqadi? Vaholanki, u qiyinchiliklardan o‘tib, marraga yetib borish o‘yinida ishtirok etmoqchi emas.

O‘tkirbek Xolbadalovning fikricha, yosh sayyohlarni ham rom etishning turli yo‘llari mavjud.

“Eng avvalo, xizmat ko‘rsatish obektlari 24 soat davomida tinmay faoliyat yuritishi lozim. Ekstremal turizm, ekoturizm, shopping turizm kabi yo‘nalishlar yanada rivojlantirilishi turistlar oqimiga ijobiy ta'sir etadi. Bu kabi ishlarni amalga oshirish juda katta mablag‘ni talab etadi va bunda xorij investorlariga qator imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.

Bizda amaliy harakatlar allaqachon boshlab yuborilgan. Jumladan, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida tog‘-chang‘i kurorti qurilyapti va dekabrda foydalanishga topshiriladi. Ekstremal turizm potensialini oshirish evaziga yosh turistlarni ko‘proq jalb qilib qilishga erishamiz. Bizda yetarli sharoitlar bor. Birgina misol: yurtimiz tog‘lari AQShning Texas tog‘lari kabi tikka ko‘rinishda. Bu skolalazingga qiziquvchi yoshlarni chaqiradi. Bu bo‘yicha keng xizmat turini taklif qilolsak, yanayam ko‘proq turist tashrif buyuradi.

Shuningdek, yana bir amaliy tadbirlardan biri – 2019-2025 yillarda o‘zbek turizmini rivojlantirish strategiyasi ustida ish olib boryapmiz. Shu yillar mobaynida turistlar oqimini oshirish uchun nima qilish kerak, degan masala ko‘ndalang qo‘yiladi. Turkiyalik hamkasblarimiz bilan birgalikda konsepsiyani tayyorlayapmiz. Turizm salohiyatini yuqori pog‘onaga olib chiqish uchun Turkiya tajribasini keng qo‘llashni maqsad qilganmiz”, deya ma'lum qildi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi rasmiysi.

Nachora, hozircha shular bilan kifoyalanamiz. Bizningcha, elektron platformalarda ishlovchi ilovalar va mahalliy xizmat ko‘rsatish sohasining integratsiyalashuvi katta mablag‘ va kuch talab etmaydi. Buning uchun iroda va harakat zarur.

Alisher Ro‘zioxunov , Muhabbat Ma'mirova

Teglar