O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boshlandi

  • 09:54 / 20.09.2021
  • 138

Bugundan, yaʼni 20-sentyabrdan (nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasi) saylovoldi tashviqotiga start beriladi. Bu borada Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilingan.

Prezidentlikka nomzodlar uchun saylovoldi tashviqoti davrida davlat teleradiokanallarida va MTRKning mahalliy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti belgilab beriladi.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Ovozi tojik”, “Nurli jol” gazetalarida bepul ajratiladigan nashr maydoni hamda mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlandi.

Qolaversa, nomzodlar uchun Saylov kodeksining 46-moddasiga asosan davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

OAV tomonidan saylovoldi tashviqotini yoritish Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14 apreldagi 1068-son qarori bilan tasdiqlangan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.