O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni mamlakat harbiylari va Qurolli Kuchlari faxriylarini tabrikladi

  • 09:32 / 15.01.2020
  • 222

Foto : Prezident Matbuot xizmati

Kecha, 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi munosabati bilan mamlakat Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev askar va serjantlar, ofitser va generallar, mamlakat Qurolli Kuchlari faxriylariga bayram tabrigi yo‘lladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi:

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

Qadrli yurtdoshlar!

O‘z hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni, butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda barchamiz avvalo o‘z jangovar postida doimo hushyor va sergak turib, yurtimiz sarhadlarini ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan mard va jasur, sodiq o‘g‘lonlarimizni, fidoyi ota-bobolarimizni, haqiqiy vatanparvar insonlarni sharaflab, ularning sha’niga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. 

Ana shunday botir va jonkuyar farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan hurmatli ota-onalarga, harbiy xizmatchilarimizga o‘z muqaddas burchini ado etishda hamisha tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotgan ularning oila a’zolariga chuqur minnatdorchilik bildiramiz.

Armiyamizning kuch-qudrati harbiy xizmatchilar bilan butun jamiyatimizning birligi va hamjihatligida, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Mana shunday buyuk ma’naviy qudrat manbai bor ekan, hech qanday yovuz kuch O‘zbekiston mustaqilligiga, tinch va osuda hayotimizga raxna sololmaydi, bizni demokratik o‘zgarishlar yo‘lidan ortga qaytara olmaydi. 

Muhtaram do‘stlar!

Harbiy shaharchalar zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi, moddiy ta’minot xizmatlari sohasiga autsorsing tizimi joriy etildi. O‘tgan uch yil davomida 8 mingdan ziyod harbiy xizmatchilar oilalarini qulay va shinam kvartiralar bilan ta’minlash uchun 275 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi, harbiy xizmatchilarning ayollari uchun qariyb 600 ta yangi ish o‘rni yaratildi, 1 ming 900 nafar harbiy pensioner ishga joylashtirildi. 

Armiyamiz unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik va ona yurtga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat, shonli tariximizni chuqur bilish ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarga faol kirishganini alohida qayd etishni istardim. “Vatanparvar” va “Faxriylar” singari tashkilotlar, shuningdek, Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirish hamda ularda faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirish bo‘yicha g‘oyat zarur bo‘lgan ishlarni birgalikda davom ettiradi, deb ishonaman.

Shu o‘rinda Qurolli Kuchlar faoliyati ustidan fuqarolik nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqchiman. Bugungi kunda mamlakatimiz parlamenti o‘zining kengaytirilgan vakolatlari doirasida “Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi qonun va mudofaa sohasidagi boshqa huquqiy hujjatlar ijrosini nazorat qilmoqda. O‘tgan yili Oliy Majlis Senati tomonidan Qurolli Kuchlarning qurilishi va rivojlanishi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tashiga doir dolzarb masalalar yuzasidan harbiylashgan vazirlik va idoralar rahbarlarining ma’ruzalari bir necha bor eshitilganini ta’kidlash lozim. 

Qadrli yurtdoshlar!

Jahondagi vaziyat shiddat bilan o‘zgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida ahvol keskinlashib, xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfi ortib borayotgani bizdan xalqaro va mintaqaviy vaziyatni har tomonlama tahlil va prognoz qilishni, mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar tayyorgarligi va salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ko‘rishni talab etmoqda.

Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish tizimini yanada mustahkamlash, qo‘shinlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, jangovar tayyorgarlikni tashkil etish samaradorligini oshirish, Qurolli Kuchlarni eng yangi qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, mamlakatimiz mudofaa-sanoat kompleksini rivojlantirish bo‘yicha faol olib borilayotgan ishlarni izchil davom ettirish zarur.

Biz yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash, o‘quv-tarbiya jarayonlariga ilg‘or xorijiy tajribalarni, pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etishga, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilishga bundan buyon ham birinchi darajali ahamiyat qaratamiz.

Hurmatli do‘stlar!

Vatanimizning mard va jasur himoyachilari!

Ushbu qutlug‘ bayram kunlarida hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini nishonlash arafasida o‘z hayoti evaziga dunyo xalqlarining ozodligi va erkinligini saqlab qolishga erishgan g‘olib ajdodlarimizga yuksak hurmat va e’tibor ko‘rsatish qanchalik muhim ekanini barchamiz har qachongidan ham chuqur his etib, bu borada katta amaliy ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Siz, hurmatli harbiy xizmatchilarga – askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylariga Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishdek sharafli vazifani ado etishda mustahkam sog‘lik, ulkan muvaffaqiyatlar, kuch-g‘ayrat, oilalaringizga esa yangi – 2020-yilda fayz-baraka va baxt-saodat yor bo‘lishini tilayman.