O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi haftalik statistikasi eʼlon qilindi

  • 15:23 / 15.06.2020
  • 206

Joriy yil 8–14-iyun kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 249,7 mlrd. so‘mlik tovarlar sotildi. Bu haqda O‘zRTXB Matbuot xizmati maʼlum qildi.
 
Maʼlum qilinishicha, bu ko‘rsatkich avvalgi haftaga nisbatan 4,7 foizga ko‘pdir. Bunda sotuvlarning 89,4 foiz – birja savdolari, 4,4 foiz – ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 5,8 foiz – elektron davlat xaridlari va 0,3 foiz – avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.
 
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 29,6 foizga ko‘payib, 526,8 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 17,2 mlrd. so‘mlik mablag‘lari tejaldi.
 
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 995 ta avtoraqamlar sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 4,1 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 15,0 foiz birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 42,8 foiz ikkinchi, 39,3 foiz uchinchi, 0,8 foiz to‘rtinchi, 1,2 foiz beshinchi va 0,9 foiz oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
 
Birja savdolari
 
Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali 4,5 foiz o‘sish bilan jami 1 117,7 mlrd. so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:
 
Paxta yog‘i
O‘tgan haftada birja savdolariga 3 091,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 904,0 tonnasi, yaʼni 29,2 foiz sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 41 ta xaridor ishtirok etdi.
 
Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 9 026,5 ming so‘mdan 9 222,3 ming so‘mgacha, yaʼni 2,2 foiz ga o‘sdi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan 1,5 foiz o‘sib, mahsulotni bir tonnasi uchun 9 712,2 ming so‘mni tashkil etdi.
 
Shakar
O‘tgan haftada shakarga bo‘lgan talab sezilardi darajada tiklanganligi bois, ushbu mahsulot bo‘yicha birja savdolari jonlandi. Hafta davomida birja savdolariga 6 000,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 5 258,0 tonnasi, yaʼni 87,6 foiz sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 97 xaridor ishtirok etdi, bu avvalgi haftaga nisbatan 80 ishtirokchiga ko‘pdir.
 
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 5 378,8 ming so‘mdan 5 589,2 ming so‘mgacha, yaʼni 3,9 foiz ga ko‘tarildi. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi avvalgi haftaga nisbatan 2,3 foiz o‘sib, mahsulotni bir tonnasi uchun 5 485,1 ming so‘mni tashkil etdi.
 
Benzin
O‘tgan haftada birja savdolariga 193 334,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 19 342,1 tonnasi, yaʼni 10,0 foiz sotildi.
 
Birja savdolarida “O‘zbekneftegaz” AJ neft bazalari, avtomobil yoqilg‘i quyish shaxobchalari va benzinni o‘z ehtiyojlari uchun xarid qiladigan boshqa yuridik shaxslar ishtirok etishdi.
 
Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3 464,2 ming so‘mdan 3 517,2 ming so‘mgacha, yaʼni 1,5 foizga ko‘tarildi.
 
AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 0,7 foizga pasayib, benzinning bir tonnasi uchun 3 535,1 ming so‘mni, AI-91 benzinni narxi deyarli o‘zgarmadi va 4 400,2 ming so‘mni tashkil etdi.
 
Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha, avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.