Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi

  • 10:33 / 09.10.2019
  • 249

Foto : Prezident Matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi.

Unga ko‘ra, quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) tasdiqlandi va unda quyidagilar nazarda tutilsin:


oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish;

Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining flagmaniga aylantirish;

respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga, shu jumladan, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish;

oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga oʻtkazish;
xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy taʼlimning ilgʻor standartlarini joriy etish, jumladan, oʻquv dasturlarida nazariy bilim olishga yoʻnaltirilgan taʼlimdan amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish;

oliy taʼlim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qoʻshadigan, mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;

oliy taʼlim muassasalarining akademik mustaqilligini taʼminlash;

oliy taʼlim muassasalarida taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bogʻliqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;

xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar koʻlamini kengaytirish va boshqa byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga oliy taʼlim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish;

oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishi, maqolalarga iqtiboslik koʻrsatkichlari oshishi, shuningdek, respublika ilmiy jurnallarini xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritilishini taʼminlash;

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish;

oliy taʼlimning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy taʼlim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish;

talaba-yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;

oliy taʼlim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablagʻlarini keng jalb qilish hisobiga yaxshilash, ularni bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash;

taʼlimning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorligini yoʻlga qoʻyish;

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish, ular uchun infratuzilmaga oid sharoitlarni yaxshilash;


Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019-yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.


Belgilanishicha,
Kengashning faoliyati natijalari, ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining hayʼat majlisida yiliga kamida ikki marta Kengash aʼzolari bilan birgalikda koʻrib chiqiladi, natijasi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi;

Kengash tomonidan tayyorlangan taklif va tavsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tarkibida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar hamda oliy taʼlim muassasalari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi, ular Kengashga vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmak beradilar, soʻralgan zarur maʼlumotlarni taqdim etib boradilar;

Kengash faoliyati natijalari, oliy taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

2019-yil 1-dekabr kuniga qadar 2030-yilga qadar respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga, shu jumladan, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritishni, bunda mazkur oliy taʼlim muassasalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
har yili 1-dekabrga qadar oʻtayotgan yil boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” bajarilishi yakunlarini puxta oʻrganish asosida Konsepsiyani kelgusi yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
“Yoʻl xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring yuritsin va uning natijalarini har chorakda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib boradi.

Farmonning to‘liq matni O‘zAda e’lon qilindi.