O‘zbekiston tarixida birinchi marta investitsiyaning YaIMdagi ulushi 38 foizdan oshdi

  • 23:23 / 14.08.2019
  • 263

Foto: Canva

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-avgust kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta'minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Avgust oyi boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama qilinib, bu borada yangi tizim joriy etish belgilangan edi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, unga Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalari biriktirildi.

Yig‘ilishda ushbu yangi tizimni joylarda joriy etish orqali keng aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligi va daromadini oshirish zarurligi ta'kidlandi. 

Sanoatning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. 

– Oxirgi bir yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ulushi 26 foizdan 30 foizga yetgan bo‘lsa-da, bu biz boshlagan islohotlar ko‘lamiga nisbatan hali yetarli emas, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Joriy yil oxiriga qadar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 25 ta, “O‘zeltexsanoat”da 18 ta, “O‘zavtosanoat”da 7 ta, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 5 ta investittsiya loyihasi bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushirilishini jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

Qariyb 100 xil turdagi kundalik iste'mol tovarlarini sanoat kooperatsiyasi orqali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, korxonalar bilan manzilli ishlab, ularning quvvatini oshirishga ko‘maklashish zarurligi ta'kidlandi. 

O‘zbekistonda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb e'lon qilingan joriy yilda sarmoyalar, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish va o‘zlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Birinchi yarim yillikda qariyb 86 trillion so‘m, ya'ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘p investitsiyalar o‘zlashtirilgani bunga yaqqol misoldir. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi 2,7 barobar, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi 3,7 barobar o‘sgan.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshdi. Oldingi yillarda bu ko‘rsatkich 25 foizga ham yetmasdi.

12-avgust kuni o‘tkazilgan videoselektorda investitsiyalar va eksport hajmini ko‘paytirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni o‘z muddatida va sifatli bajarilishini ta'minlash kerakligi yana bir bor qayd etildi.