O‘zbekiston tarixida ilk bor qabul qilinishi kutilayotgan qonun 

  • 09:45 / 11.09.2019
  • 93

Joriy yilning 9-sentyabr kuni O‘zbekiston tarixida ilk marotaba qabul qilinayotgan “Madaniyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan navbatdagi Ishchi guruhi muhokamasida mazkur loyiha moddama-modda muhokama etilib, ishchi guruhining taklif va tavsiyalari asosida yanada takomillashtirildi – deya yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida madaniyat sohasidagi milliy va xorijiy tajriba chuqur o‘rganildi, qonunosti xujjatlarining to‘liq inventarizasiyasi o‘tkazildi, joylarda madaniyat tashkilotlarining faoliyati tahlil qilindi. Natijada, qonun loyihasi yuridik texnika qoidalariga to‘liq muvofiqlashtirildi. Bitta alohida bob hamda o‘ndan ortiq yangi moddalar bilan to‘ldirildi. 

Jumladan, “Madaniyat sohasidagi xodimlarning ijtimoiy himoyasi” nomli yangi bob, “Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi”, “Ijod erkinligi”, “Kinematografiya tashkiloti”, “Axborot kutubxona”, “Muzey”, “Madaniyat sohasidagi galereya”, “Studiya”, “Madaniyat sohasidagi ustaxona”, “Madaniyat sohasidagi tadqiqot markazlari”, “Madaniyat sohasidagi ta'mirlash markazlari”, “Madaniyat tashkilotlarida xizmat narxini belgilash”, “Madaniyat sohasida ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash”, “Madaniyat va san'at sohasidagi ta'lim muassasalari va tashkilotlari” va shu kabi bir qator yangi moddalar bilan to‘ldirildi. Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat vazirligi hamda mahalliy davlat xokimiyat organlarining vakolatlari takomillashtirilib, ularga yangi vazifalar yuklatilishi belgilanmoqda. 

Eng muhimi, mazkur qonun loyihasiga milliy amaliyot va xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan madaniy hamkorlik”ga oid alohida modda kirtildi. Unda milliy madaniyatni xorijda rivojlantirish maqsadida yurtimizdan tashqarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning avlodlari bilan aloqalarni qo‘llab-quvvvatlash, milliy madaniyat markazlarini tashkil etish va madaniy tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazish, xorijda istiqomat qilayotgan ijodkor ziyolilar va san'atkorlarning Vatanga qaytishi uchun davlat tomonidan sharoitlar yaratishga oid normalar belgilandi.