O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri OAV erkinligi bo‘yicha xalqaro forumda nimalar haqida gapirdi?

  • 11:38 / 12.07.2019
  • 171

2019 yilning 10-11 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya London shahrida OAV erkinligi bo‘yicha global konferensiyada ishtirok etdi.

Foto: TIV axborot xizmati

Forumga dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlari delegatsiyalari tashrif buyurdi, jumladan 60 ta davlat tashqi siyosat idoralari va axborot vazirliklari rahbarlari, jurnalistlar, mediasanoat va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida tadbir tashabbuschilari Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeremi Hant va Kanada tashqi ishlar vaziri Xristya Friland bu konferensiya butun dunyoda OAVerkinligi holatini aniqlash va uni cheklashga harakat qilayotganlar mas'uliyatini oshirishga qaratilgan xalqaro kampaniyaning bir qismi ekanini ta'kidladilar.

Vazir Abdulaziz Komilov konferensiyadagi ma'ruzasida ta'kidlashicha, O‘zbekistonda forumga taklif xalqaro hamjamiyat tomonidan prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas islohotlar e'tirofi sifatida qaraladi.

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekistonda qabul qilingan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunning maqsadi davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan OAV tomonidan jamoatchilik nazorati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir.

Mamlakatda jurnalistlarning professional faoliyatini himoya qilish va ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ta'minlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yaqinda qabul qilingan ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoni ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini va erkin axborot olishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Faqat sud yoki ta'sischi OAV faoliyatini to‘xtatish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari ta'kidlaganidek, axborot sohasini liberallashtirish va demokratlashtirish milliy media bozorining jadal o‘sishiga olib keldi, bu bozorda 90 yillar boshida faqatgina yigirmata davlat ommaviy axborot vositalari bo‘lgan. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining soni 2 mingtaga yaqin bo‘lib, ularning aksariyati xususiydir.

O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari uchun zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy matbuot markazi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va Xalqaro press klub kabi tashkilotlar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda yetakchi xorijiy OAV vakillari, jumladan Reuters, France Press, BBC, The Economist, Xinhua, «Amerika Ovozi», «Fergana.Ru», Eurasianet muxbirlari erkin ishlamoqdalar.

Har yili jurnalistika sohasida xalqaro tanlov o‘tkaziladi, unda inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi kurash, sud tizimi bilan munosabatlar va boshqa masalalar bo‘yicha eng yaxshi maqolalar uchun nominatsiyalar mavjud.

Vazir alohida ta'kidlaganidek, ommaviy axborot vositalari mustaqilligi sohasida kafolatlar va xalqaro standartlarni ta'minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari bo‘yicha ombudsman tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, u jurnalistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning xavfsizligini ta'minlashga asosiy e'tibor qaratadi.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston OAV erkinligi, davlat organlarining ochiqligi, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta'minlash bo‘yicha ishni davom ettirishga qat'iy sodiq qoladi, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali OAV to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, OAV mustaqilligini mustahkamlash sohalarida xorijiy sheriklar bilan faol hamkorlikni davom ettiradi.