“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Qozog‘iston korxonasidan qariyb $44,6 ming zararni undirib oldi

  • 18:12 / 12.07.2021
  • 354

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Palataga murojaat qilib, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda amaliy yordam so‘ragan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ murojjati o‘rganib chiqilganda, jamiyat va Qozog‘iston Respublikasida faoliyat yurituvchi “KZ-Eksport 2018” korxonasi o‘rtasida yuk vagonlarini ijaraga berish shartnomasi imzolanganligi, mazkur korxona tomonidan shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarilmaganligi, ya’ni yuk vagonlari o‘z vaqtida qaytarilmaganligi natijasida jamiyatga moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan. 

Qozog‘iston korxonasi shartnoma shartlarini lozim daraja bajarmaganligi oqibatida hisoblangan jarima mablag‘larini undirish yuzasidan Savdo-sanoat palatasi tomonidan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilingan.

Toshkent shahar iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan Palataning da’vo talablari qanoatlantirilib, Qozog‘ston korxonasi hisobidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ foydasiga 44 580 AQSh dollari miqdorida zarar undirib berilgan va shu tariqa, Palata a’zosining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilingan.