O‘zbekistonda ham kichik kanal va daryolardan gidroquvvat olish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

  • 17:20 / 04.12.2019
  • 241

O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinadigan elektroenergiya ulushini 2030-2031-yillarga kelib taxminan 21 foizga oshirishni rejalashtirgan.

Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan RENPOWER Uzbekistan 2019 – Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energetika infratuzilmasi sohasi investorlarining konferensiyasida aytib o‘tildi.

2021-yilda energiya quvvati 1 GVtga yetkaziladi

Konfrensiyada 100 MVt dan bir necha fotoelektr loyihalari rejalashtirilayotgani haqida aytildi. Jumladan, 2021-yilda yirik hukumat tashabbusi doirasida quyosh energiyasi quvvatlarini 1 GVt ga yetkazish mo‘ljallangan.

O‘zbekiston o‘zining energetikaga oid ehtiyojlarining 90 foizdan ortig‘ini qondirishda asosan gazdan foydalanib kelgan. Endilikda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘z iqtisodiyotiga va energiya tarmog‘iga kiritish yo‘lida dalil qadam tashlamoqda.

Asosiy soliq imtiyozlari ko‘rib chiqiladi

Bundan keyin, qayta tiklanuvchi energiyaga oid asbob-uskunalarni ishlab chiqaruvchilar va ishlanmalarni yaratuvchilar uchun asosiy soliq imtiyozlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid loyihalar bo‘yicha yerdan foydalanishga doir yangi me’yoriy choralar to‘plami, elektr energiya ishlab chiqaruvchilarini elektr energiyasi ta’minotining yagona tizimiga kiritish taomillari ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekistonda 5 GVtlik fotoelektrik elektr stansiyalar quriladi

“O‘zbekistonda elektr ishlab chiqarish elektrga bo‘lgan talabdan kam va orqada. Shuni oldini olish uchun Vazirlik tomonidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Tayyorgarlikning birinchi bosqichi 100 MVtli xalqaro moliya korporatsiyasi bilan bo‘ladigan tender bo‘lib, keyingi bosqichi 600 MVtga yetkaziladi. Hozirda 400 MVtlik xalqaro moliya korporatsiyasini yo‘lladik. Bu ikkita joyda – birinchisi G‘allaorolda, ikkinchisi Samarqand viloyatida amalga oshiriladi. Ikkinchi joy bo‘yicha hozirda mutaxassislarimiz o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Osiyo tarraqqiyot banki bilan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida 200 MVtlik tender bo‘lib o‘tadi. Jami rejamiz O‘zbekiston bo‘yicha 5 GVtlik fotoelektr stansiyalar qurishdir”, deydi Energetika vazirligi investitsiyalar va istiqbolli rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Umarbekov.

Elektr liniyalarini modernizatsiya qilish uchun investitsiya kiritiladi

Konfrensiyada aytilganidek, O‘zbekistonning tarmoqli infratuzilmasi elektr uzatish liniyalarini modernizatsiya qilish uchun ko‘p miqdorda investitsiya kiritishni taqozo etadi. Hozirgi paytda elektr uzatish tizimidagi yo‘qotishlar 18 foizni, taqsimlash paytidagi yo‘qotishlar esa 14 foizni tashkil etmoqda.

O‘zbekiston qayta ishlanadigan energiya yaratish uchun irrigatsiya sohasida katta imkoniyatlarini ishlatmoqda.


“Biz gidroquvvatni yo‘lga qo‘yuvchi yangi texnologiyalar bilan keldik”

“O‘zbekistonga ilk marta hamkorlik qilish uchun keldim. Biz bu yerda mavjud imkoniyatlar va irrigatsion tizim yordamida yangi ishlar boshlaymiz. Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan ham kelishuvlarga erishmoqchimiz. Bizda gidroquvvat (suvdan energiya olish)ni yo‘lga qo‘yuvchi yangi texnologiyalar bor. Bu texnologiyalar kanallar, daryolar suvlardan quvvat olib beradi. Ammo biz asosiy e’tiborni mavjud bo‘lgan kanallar va daryolar bilan ishlashga qaratmoqchimiz. Bu bilan kichik investitsiya evaziga qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘lamiz. Kompaniyamiz Janubiy Amerika, Yevropa, Qozog‘iston bilan allaqachon hamkorlik o‘rnatgan. Endi navbat O‘zbekistonga”, deydi Kristian Uinkler Germaniyadagi DIVE Turbinen kompaniyasining savdo menejeri.

O‘zbekiston tomoni energetika sektorini moliyalash va unga investitsiyalar kiritish bo‘yicha uzoq muddatli bosh rejani ishlab chiqish zaruratini qayd etmoqda.

Xabardor.uz