O‘zbekistonda ham umumta’lim fanlaridan bilimni baholashning milliy test tizimi joriy etiladi

  • 08:15 / 27.03.2020
  • 82

“Umumta’lim fanlaridan bilimni baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Hukumatning qarori loyihasi umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2020-yil IV chorakdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilimni baholashning milliy test tizimi joriy etilishi mumkin.

2021/2022-o‘quv yili qabulidan boshlab esa, umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga oliy ta’lim mussasasi bakalavriatiga qabul test sinovlarida mazkur fandan belgilangan maksimal ball beriladi. Bunda, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul kvotalari doirasida tanlov chegarasida bir xil natija ko‘rsatgan sertifikatga ega abituriyentlar orasida sertifikat bo‘yicha yuqori ball olgan abituriyentga nisbatan ustuvorlik ta’minlanadi.

Qaror loyihasiga muvofiq umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlashtirish quyidagi muddatlarda joriy etilishi belgilanmoqda:

2020-yil IV chorakdan boshlab, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyot, rus tili va adabiyot, qoraqalpoq tili va adabiyot) hamda matematika fanlari bo‘yicha;

2022/2024-yillarda kimyo, biologiya, fizika, geografiya va tarix fanlari bo‘yicha.

Shuninglek, umumta’lim fanlaridan bilimni baholash va sertifikat berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, umumta’lim fanlaridan bilimni baholash va davlat namunasidagi sertifikatni berish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan to‘lov asosida amalga oshiriladi va sertifikat elektron shaklda beriladi.

Sertifikat berish uchun talabgordan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.