O‘zbekistonda harbiy qurollar ishlab chiqaruvchi korxonalarning iqtisodiy ahvoli qanday?

  • 15:51 / 14.02.2020
  • 275

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, shu kungacha Qurolli Kuchlarni harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlar bilan ta’minlash import hisobidan amalga oshirilib kelingan. Bu esa milliy armiyani harbiy va maxsus texnika, qurol-aslaha va boshqa zarur jihozlar bilan o‘z vaqtida ta’minlashga, balki mamlakat harbiy xavfsizligini ta’minlash kabi strategik yo‘nalishda xorijiy davlatlarga bog‘lanib qolishdek holatni yuzaga keltirgan.

“Mudofaa ahamiyatiga ega bo‘lgan “Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi” Davlat korxonasi (DK), “Vostok” Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi” Davlat unitar korxonasi (IIB DUK) kabi bir qator korxonalar og‘ir iqtisodiy ahvolga kelib qolgan edi”, deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, mamlakat rivojlanishining yangi bosqichida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yil 20-noyabrda davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish hamda mudofaa ahamiyatiga ega bo‘lgan ishlab chiqarish sohasida yagona davlat siyosatini olib borishga mas’ul bo‘lgan davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzildi.

Qo‘mitaning asosiy vazifalari sifatida davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish va bajarishni ta’minlash, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlarning mudofaa sanoati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnikalar hamda boshqa mulkni ishlab chiqarish, ta’mirlash, modernizatsiya qilish, xalqaro harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va boshqa dolzarb vazifalar belgilandi.

Qo‘mita tomonidan mamlakat sanoatining harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishni ta’minlash va milliy armiyani zamonaviy qurol-yarog‘, jangovar texnika, maxsus vositalar va ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli ishlar bajarilib kelinmoqda.
Jumladan, dunyoning 20 dan ortiq rivojlangan davlatlari bilan harbiy-texnik hamkorlik o‘rnatildi, 6 davlat bilan hukumatlararo komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 10 dan ortiq davlatlar bilan harbiy-texnik hamkorlik yo‘nalishida halqaro bitim va kelishuvlar imzolandi. Tizimli ravishda zamonaviy qurol-aslaha va jangovar texnikalarni xarid qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Qurolli Kuchlarning harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarga bo‘lgan talablarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida 2018–2019-yillarda KamAZ avtomobili shassisida yuk va maxsus avtomobil texnikalarini, harbiy maqsadda foydalaniladigan radioaloqa vositalari, nafas olish organlari himoya vositalarini, oziq-ovqat payoklari va boshqa turdagi harbiy va ikki maqsadda foydalanadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha bir qancha tarmoqlararo loyihalar amalga oshirildi.
Mudofaa vazirligi kuch va vositalarini jalb qilgan holda mavjud, moddiy va ma’naviy jihatdan eskirgan qurol-aslahalarni modernizasiya qilish bo‘yicha ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Jumladan BM-21 “Grad” rusumli yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi yangi zamonaviy shassiga o‘rnatildi va bu tizim amaliy sinovlardan muvafaqiyatli o‘tdi.

BTR-70 rusumli transporterga yangi zamonaviy dizel dvigateli, uzatish qutisi o‘rnatilib mobil imkoniyatlari oshirildi. Shuningdek, shaxsiy tarkib himoyasini oshirish maqsadida qo‘shimcha zirh va kumulyativ panjara bilan jihozlandi.

T-64 rusumli tankning kuch bo‘limi to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy, katta quvvatga ega dvigatel va transmissiya agregatlari qo‘yildi, raqamli aloqa vositalari bilan jihozlandi.
Gaz-66 rusumli avtomobillariga “ISUZU” dvigatellari va uzatish qutilarini o‘rnatgan holda modernizatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘z navbatida ularning harakatchanlik va mobil imkoniyatlarini oshirdi.

Shuningdek, KamAZ avtomobillari shassida barcha sharoit va hududlarda qo‘shinlar boshqaruvini ta’minlay oladigan mobil qo‘mondonlik boshqaruv punkti, shuningdek zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlangan, har qanday murakkab tibbiy amaliyotlarni amalga oshirishga qodir tibbiyot punkti yaratildi.
Bundan tashqari “Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi” DK rekonstruksiya qilinib, to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi va texnologik jihatdan qayta jihozlandi, buning natijasida korxona tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish imkoni yaratildi. Jumladan, “Mi” rusumidagi vertolyotlarning ta’mirlanayotgan jihozlari nomenklaturasi ortdi, Su-25 rusumli samolyotlarni ta’mirlash o‘zlashtirilmoqda.  

“Vostok” IIB DUKda bugungi kunda o‘qotar qurollar uchun o‘q-dorilar ishlab chiqarilmoqda. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 2020-yilning birinchi yarmida yangi turdagi patronlar ishlab chiqaruvchi liniyaning ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Harbiy kiyim-anjomlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi tuzilib, 2019-yilda dastlabki sex faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 2020-yil II kvartalda korxona to‘liq quvvatda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan, qo‘mita tasarrufidagi (“Vostok” IIB DUK, “Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi” DK, “Innovatsion texnologiyalar markazi”, “MS TexMash” va “MS RemTex” MChJlar) va mahalliy korxonalar (KRANTAS, ISUZU va boshqalar) da ishlab chiqarilayotgan harbiy va ikki maqsadda qo‘llanadigan mahsulotlar va xizmatlar ko‘rsatish ko‘rsatkichlarini 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Ammo shuni alohida ta’kidlash lozimki yuqorida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar milliy armiyani zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan ta’minlashga qodir bo‘lgan to‘laqonli mudofaa sanoati sektorini barpo etish uchun yetarli emas. Yuqorida belgilangan pirovard natijalarga erishish, hamda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida 2020–2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) ishlab chiqilmoqda.