O‘zbekistonda ilk shamol elektr stansiyasi qurilishida ishtirok etish uchun 30 ta mamlakatdan ariza kelib tushgan

  • 13:21 / 20.05.2020
  • 144

O‘zbekistonda quvvati 100 MVt ga teng bo‘lgan birinchi shamol elektr stansiyasi (ShES) qurilishida ishtirok etish uchun 30 ta mamlakatdan 70 kompaniya va konsorsiumlar ariza berdi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, mustaqil elektr energiya ishlab chiqaruvchilar O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Moliya vazirligi qoshidagi davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish agentligi tomonidan loyihada ishtirok etishga taklif qilingan.
 
Tender g‘oliblari ushbu loyiha doirasida obyektlarni ishlab chiqish, moliyalash, qurish, ularga egalik qilish va foydalanishda ishtirok etadilar.
 
“Shamol energetika loyihasi bo‘yicha birinchi tender Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida amalga oshiriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad umumiy quvvati 1 GVt. ga teng shamol elektr stansiyalarini qurishdir”, deyiladi vazirlik xabarida.
 
Ushbu shamol elektr stansiyalarini va tegishli infratuzilmani qurish uchun maydoncha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanidan tanlangan.
 
Qayd etishicha, ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi elektr manbalarini ishga tushirish bo‘yicha keng ko‘lamli strategiyaning bir qismidir.  Umuman olganda, yaqin 10 yilda mamlakatda elektr energiyaga o‘sib borayotgan talabni qondirish maqsadida iqtisodiy samarali va ekologik sof shamol elektrstansiyalari qatorini kengaytirish ko‘zda tutilgan.