O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning Kukmin universiteti filiali tashkil etiladi

  • 12:31 / 16.06.2020
  • 471

Angrenda Janubiy Koreyaning Kukmin universiteti tashkil etiladi.
Bu borada Hukumatning Angren shahar hokimligi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi hamda Koreya Respublikasi Kukmin Universiteti KBFBSI va G-global star group investorlar guruhi (Koreya Respublikasi) muassisligida oliy taʼlim sohasida taʼlim xizmatlari ko‘rsatish uchun Angren shahrida Kukmin universitetini tashkil etishga oid qarori loyihasi eʼlon qilingan.
 
Hujjat loyihasida belgilanishicha, –
 
Universitet yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi, alohida mol-mulkka, o‘z mustaqil balansiga ega bo‘ladi, o‘z ixtiyoridagi mablag‘lar va mol-mulk bilan o‘z majburiyatlari bo‘yicha javob beradi;
 
Universitetda o‘qitish ingliz, koreys, rus va o‘zbek tillarida, O‘zbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Kukmin Universiteti KBFBSI tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
 
Universitetda kadrlar tayyorlash kunduzgi va kechki taʼlim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi;
 
Universitetda bakalavriat va magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlash amalga oshiriladi.
 
Universitetda taʼlim faoliyati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziya berilganidan so‘ng boshlanadi;
 
Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish Universitet hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda, Kukmin Universiteti KBFBSI tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
 
Universitetga Taʼsischilar tomonidan tayinlanadigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi;
 
Universitetda talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari Taʼsischilar tomonidan belgilanadi.
 
Universitetda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagi taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda:

  1. Injeneriya
  2. Elektron injeneriya va informatika
  3. Axborot xavfsizligi
  4. Arxitektura
  5. Dizayn
  6. Biznes boshqaruvi.

Maʼlumot uchun, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Taʼsischilar qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda mazkur ro‘yxatga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.