O‘zbekistonda qaysi yo‘llar pullik bo‘ladi?

  • 07:23 / 20.03.2019
  • 5418

«Pullik avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun loyihasida pullik avtoyo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanishda davlat-xususiy sheriklik salohiyatini faol qo‘llash nazarda tutilgan, deb yozmoqda Norma.

Pullik yo‘llar qayerda bo‘ladi?

Transportning butun masofa bo‘ylab katta va xavfsiz tezlikda harakatlanishi ta'minlangan holda yuqori sifatli o‘tish yo‘llarigina pullik bo‘ladi. 

Vazirlar Mahkamasi yoki mahalliy hokimiyat organlari avtomobil yo‘lidan pullik asosda foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Biroq muqobil variant: mo‘ljallanayotgan pullik yo‘l bilan tutashadigan, aholi punktlari o‘rtasida umumiy foydalanishdagi mavjud yo‘l tarmog‘i bo‘ylab bepul o‘tish yo‘li bo‘lishi shart. Bunday muqobil yo‘llar pullik yo‘llardan ko‘pi bilan uch baravar uzun bo‘lmasligi kerak. Quyidagilar bundan mustasno:

• pullik yo‘lning 50%idan ortiq masofasini ko‘priklar, tunnellar va ko‘prik yo‘llar tashkil etadigan;

• yangi pullik yo‘l qurilishi cho‘l tumanlarda va unga tenglashtirilgan joylarda (ro‘yxatini hukumat tasdiqlaydi) amalga oshiriladigan.

Tegishli qarorda yoki DXSh to‘g‘risidagi bitimda ko‘rsatilgan muddat tugagach, pullik yo‘ldan foydalanish to‘xtatiladi. 

Loyihada quyidagi hollarda pullik yo‘ldan muayyan muddat foydalanish to‘xtatib turilishi mumkinligi nazarda tutilgan:

• muqobil bepul o‘tish imkonidan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelganda;

• harbiy, favqulodda holatlar yuz berganda, shuningdek tabiiy yoki texnogen tusdagi favqulodda vaziyat yuzaga kelganda.

Kim quradi?

Pullik yo‘llar respublika budjeti va mahalliy hokimiyat organlari budjetlarining mablag‘lari, pullik avtomobil yo‘llari sohasida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan jalb etilgan mablag‘lar, jismoniy va yuridik shaxslarning shaxsiy va (yoki) qarz mablag‘lari hisobidan yoki DXSh to‘g‘risidagi bitimlar asosida barpo etilishi mumkin. 

Qonun loyihasida nazarda tutilishicha, pullik yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish (ekspluatatsiya qilish) DXSh to‘g‘risidagi bitimlar asosida amalga oshirilishi mumkin. Quyidagilarga davlat sherigi sifatida chiqish huquqini berish taklif etilmoqda:

• umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yicha – avtomobil yo‘llari sohasida maxsus vakolatli organga (Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi);

• xo‘jaliklararo qishloq avtoyo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalari bo‘yicha – qonun hujjatlarida boshqa tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, mahalliy davlat hokimiyati organlariga. 

Pullik avtoyo‘llar faqat davlat mulkida bo‘lishi mumkin. Boshqa holatlar DXSh to‘g‘risidagi bitim va qabul qilinadigan «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi Qonunda nazarda tutilishi mumkin. Pullik yo‘llar DXSh loyihasini amalga oshirish uchun berilishi mumkin.

Yo‘l haqi qancha bo‘ladi?

Pullik avtomobil yo‘lidan foydalanish foydalanuvchi va operator o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Operator foydalanuvchiga o‘tish huquqini berishi va yo‘l harakatini tashkil etishi, foydalanuvchi esa – taqdim etilgan xizmat haqini to‘lashi shart.

Foydalanuvchi quyidagi usullardan biri yordamida operator bilan shartnoma tuzadi:

• pullik avtomobil yo‘liga kiradi;

• to‘lov undiriladigan punktda yo‘l haqini to‘laydi;

• yo‘l taloni haqini to‘laydi;

• avtomatik elektron to‘lov texnik vositasini mulk qilib yoki ijaraga oladi.

Pullik yo‘ldan o‘tish uchun to‘lov miqdorini operator Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan hisob-kitob qilish uslubiyatiga ko‘ra belgilaydi. To‘lov miqdori sutkadagi vaqt, hafta kuni yoki yil oyiga qarab turli toifadagi transport vositalari uchun tabaqalashtirilishi mumkin. Yo‘l haqini maxsus punktlarda undirish taklif etilmoqda, yo‘l haqini oldindan to‘lash hollari bundan mustasno.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Bundan oldin, 2020 yildan barcha hududlarda pullik magistral yo‘llar bosqichma-bosqich joriy etilishi xabar berilgandi.

Teglar