O‘zbekistonda sudya bo‘lish yoshi o‘zgardi

  • 09:30 / 12.09.2019
  • 438

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 17-avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019-yil 24-avgustda ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentyabrda qabul qilingan "Sudlar to‘g‘risida"gi Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

 61-moddaning (Sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar):

 birinchi qismi (O‘ttiz yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma'lumotga va yuridik ixtisosligi bo‘yicha, avvalambor, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudining, tuman (shahar) ma'muriy sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi bo‘lishi mumkin) quyidagi tahrirda bayon etildi:

 "O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma'lumotga va yuridik ixtisosligi bo‘yicha, avvalambor, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudining, tuman (shahar) ma'muriy sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi bo‘lishi mumkin";

to‘rtinchi qismi (Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar belgilangan tartibda o‘qishi va stajirovkani o‘tashi shart. O‘quv va stajirovkani o‘tash davrida ular asosiy ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda o‘z mehnat vazifalarini bajarishdan ozod qilinadi) quyidagi tahrirda bayon etildi:

 "Sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qishi shart. O‘qish davrida ular asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi saqlanmagan holda mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladi, biroq o‘qishning butun davrida ish joyi (lavozimi) saqlanadi";

 62-moddaning (Xalq maslahatchilari):

 birinchi qismidagi (O‘ttiz yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin) "O‘ttiz yoshdan" degan so‘zlar "O‘ttiz besh yoshdan" degan so‘zlar bilan almashtirildi;

ikkinchi qismidagi (Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan, saylov kunida o‘ttiz yoshga to‘lgan, harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi harbiy sud xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin) "saylov kunida o‘ttiz yoshga to‘lgan" degan so‘zlar "saylov kunida o‘ttiz besh yoshga to‘lgan" degan so‘zlar bilan almashtirildi.