O‘zbekistonda Turizm oliygohini tashkil etish rejalashtirilyapti

  • 08:30 / 14.08.2019
  • 173

13-avgust bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tanishtirish maqsadida OAV hodimlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda turizm sohasida 20 yil davomida yig‘ilib qolgan bir qancha muammolarning aksariyatiga ushbu farmon orqali yechim topilayotgani haqida so‘z bordi, - deya xabar bermoqda Xabardor.uz muxbiri.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yili mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlar soni 5 million 400 mingga yetgan. 2019-yilning boshidan to hozirgacha bo‘lgan davrda 3 millon 300 ming nafarni tashkil qilmoqda. Ushbu farmonda esa 2022-yilga qadar sayyohlar oqimini 10 millon nafarga yetkazish va ularga yuqori darajadagi xizmatlarni taklif qilish orqali turizmdan tushadigan foydani oshirib borish nazarda tutilgan.

— Avvallari mehmonxonalar bo‘sh yotardi. Bitta sayyoh uchun bir xonani 30 AQSh dollariga ijaraga berilgan kunlar bo‘lgan. Hozirgi kunda mehmonxonalarda bo‘sh joy yo‘q, avvalgi 30 AQSh dollari o‘rniga tadbirkor 70-80, ba’zi hollarda 100 AQSh dollarigacha ijaraga bermoqda. Bugungi kun talablariga javob beradigan mehmonxonalar qurish uchun tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Samarqand, Buxoro, Qo’qon kabi tarixiy shaharlarda 60-80 va 100 o‘rinli mehmonxonalar qurilmoqda, - dedi bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov. 

Ma’lumki, yurtimizga keladigan sayyohlar, asosan, bahor va kuz mavsumida ko‘payadi. Yaqin kelajakda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish va sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Turizm oliygohi ham tashkil etilishi rejalashtirilyapti.

Shuningdek, quyidagilar ham nazarda tutilgan:
- O‘zbekistoning bir qator xalqaro aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimini joriy etish;

- Horijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarni tashkil etish uchun turizm subyektlari yoki aviatashuvchilarning xarajatlarini qisman subsidiya qilish;

- 20 mamlakat uchun vizasiz rejimning joriy etilishi va shu kabi ko‘plab o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan.