O'zbekistonda uyda ta'lim olish imkonini beruvchi oilaviy maktabgacha ta'lim muassasalari joriy qilinadi

  • 18:03 / 14.08.2019
  • 39

Deputatlar “Maktabgacha yoshdagi bolalarga maktabgacha ta'lim berish va tarbiyalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Qayd etilganidek, uzluksiz ta'lim tizimining eng muhim va hal qiluvchi bo‘g‘ini – bu bolaning sog‘lom va barkamol shaxs sifatida shakllantirish uchun mustahkam poydevor yaratilishiga xizmat etuvchi maktabgacha ta'lim sohasidir. Shundan kelib chiqib, yuridik shaxslarga nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish, o‘qituvchilarning huquq va erkinliklarini kengaytirish, ular faoliyatini rag‘batlantirish va mas'uliyatini oshirish, individual ta'lim xizmatlari ko‘rsatish uchun sharoit yaratish, rivojlangan davlatlarning tajribasini milliy ta'lim tizimiga integratsiyalash zarurati mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishni taqozo etdi.

Qonun loyihasi bilan ilgari amalda bo‘lgan bir qator qoidalarga o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlanish jarayoni alohida bosqichlarda bo‘lishi belgilab berilmoqda. Maktabgacha ta'lim muassasalarining tasnifi, ular faoliyatini tashkil etish, huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash va rivojlantirish sohasida davlat-xususiy sektor hamkorligini amalga oshirish asoslari mustahkamlanmoqda. Xorijiy tajribani inobatga olgan holda, oilada ta'lim olish imkonini beruvchi oilaviy maktabgacha ta'lim muassasasini joriy qilish, shuningdek, bolalarning yashash yoki doimiy ro‘yxatga olingan joyidan qat'i nazar, maktabgacha ta'lim muassasasiga qabul qilish tartibi taklif qilinmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida maktabgacha ta'lim tizimida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish imkoniyati yaratiladi, tizimni yanada takomillashtirish va maktabgacha ta'limni xalqaro hamjamiyat bilan integratsiyalashuvi uchun keng imkoniyatlar ochiladi, ta'lim sifati sezilarli darajada yaxshilanadi.