O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Yo‘ldosheva vafot etdi

  • 12:06 / 12.06.2019
  • 2062

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, kino, teatr va televideniyedagi faoliyati bilan tanilgan Gulbahor Yo‘ldosheva vafot etdi. Bu haqda jurnalist Shohira Hamro Facebook’dagi sahifasida ma'lum qildi.

«O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, o‘ziga xos betakror iste'dod sohibasi Gulbahor Yo‘ldosheva olamdan o‘tdi. Gulbahor Yo‘ldosheva ayni kunlarda kinorejissyor ham aktyor, opaning sahnadagi yelkadoshlaridan biri Dilmurod Masaidov suratga olayotgan «Qo‘qon shamoli» badiiy filmida band edilar», - deb yozadi jurnalist.

Uzoq yillar davomida O‘zbek milliy akademik teatrida faoliyat ko‘rsatgan Gulbahor Yo‘ldosheva 2012 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgandi. U rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning rafiqasi, aktyor Bobur Yo‘ldoshevning o‘gay onasi hisoblanardi.

U o‘zbek kinotomoshabiniga «Kechikkan hayot» (2010), «Haqiqat kuni» (2011), «Afg‘on» (2012), «O‘gay ona» (2012), «Kutilmagan qo‘ng‘iroq» (2012), «Turist» (2013) va «Ko‘rgim keladi» (2014) filmlari orqali tanilgan, «Tutash taqdirlar» seriali esa unga katta mashhurlik olib kelgandi.

Xabardor.uz marhumning yaqinlariga hamdardlik izhor etadi.