O‘zbekistonda Yaponiya bilan hamkorlikda elektrobuslar ishlab chiqarilishi mumkin

  • 09:35 / 08.10.2019
  • 193

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni xorijiy mamlakatlar bilan erishilgan kelishuvlar ijrosi, yangi investitsiyaviy va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Ma'lumki, joriy yil oxirida Prezidentning Yaponiyaga tashrifi rejalashtirilgan bo‘lib, unga tayyorgarlik doirasida Tokio bilan energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalariga doir kelishuvlarga erishilgan. 

“Kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish, yapon texnologiyalari asosida elektrostansiya qurish, suv tozalash va suv ta'minoti tizimini modernizatsiya qilish, shahar qatnoviga mo‘ljallangan elektrobuslar ishlab chiqarishga oid loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, - deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda ushbu oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik hamda Yaponiya bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik holati bo‘yicha ma'lumot berildi.
Bundan oldinroq, Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga tashrif buyurishi xabar qilingandi.