O‘zbekistonlik karatechilar Portugaliyadagi JChda 2ta medal olishdi

  • 11:45 / 23.08.2016
  • 7406

O‘zbekistonlik karatechilar ushbu sport turi 2020 yilgi Olimpiada dasturiga kiritilganidan keyin o‘tkazilgan ilk xalqaro turnirda ishtirok etishdi. Bu haqda O‘zbekiston karate milliy federatsiyasiga asoslanib, «Gazeta.uz» xabar bergan.

Talabalar o‘rtasidagi chempionat 8-16 avgust kunlari davomida Portugaliyaning Braga shahrida o‘tkazilgan. Unda 41 mamlakat vakillari ishtirok etgan.

O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi ushbu turnirga 5 nafar sportchini yuborgan. Sadriddin Saymatov (-60 kg) ushbu vazn toifasida amaldagi jahon chempioni bo‘lmish turkiyalik sportchini 6:0 hisobida yengib, bronza medal olgan.

Dostonbek Otabolayev (-75 kg) ham bronza medal uchun Fransiya vakiliga qarshi chiqib, bahsni muddatidan oldin yakunladi: 11:3.

Osiyo o‘yinlarining ikki karra g‘olibi hisoblanadigan Barno Mirzayeva hamda Abdulaziz Atabayev uchinchi o‘rin uchun kechgan bahslarda Xitoy va Misr vakillaridan yengilishdi.

Teglar