Oʻzbekistonlik kikboksingchilar Jahon kubogidan 21 ta medal bilan qaytishdi

  • 22:02 / 21.09.2021
  • 154

Yurtimiz vakillari umumjamoa hisobida nechanchi oʻrinni egallashdi?

16-19-sentyabr kunlari Vengriyaning Budapesht shahrida WAKO – Butunjahon Kikboksing assotsiatsiyasi tomonidan 26-bor tashkil etilgan Jahon kubogi musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston terma jamoasi ham ishtirok etdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jahon kubogida vatanimiz sharafini Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent, Andijon, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax va Buxoro viloyatlari vakillaridan iborat 30 nafar kikboksingchi himoya qildi.

Keltirilishicha, musobaqada dunyoning 45 ta davlatidan jami 3 000 nafardan ortiq sportchi gʻoliblik uchun bahs olib borishdi. Jahon kubogida terma jamoamiz aʼzolaridan Samandar Rustamqulov, Nazarbek Mahmudov, Normuhammad Rahmonberdiyev, Saidmurod Hasanov, Husan Baratovlar oltin medalga sazovor boʻlishdi.

Ibrohim Osmanaliyev, Jasur Sobetov, Qobiljon Rahmonov, Behruz Shermamatov, Ruxshona Ruzeqova, Ulugʻbek Bahodirovlar esa finalgacha yetib bordi va yakunda kumush medallar bilan taqdirlangan boʻlsa, Azizbek Boltaboyev, Mirzakarim Mirzayev, Mahmud Davirov, Firdavs Safarov, Xushnudjon Xolmatov, Doston Ilyashov, Muhammadali Najmiddinov, Shohruz Shavkatov, Mohinur Mahamadaminova va Nazokat Hamidullayevalar bronza medalini qoʻlga kiritishdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 5 ta oltin, 6 ta kumush va 10 ta bronza, jami 21 ta medallar shodasini oʻziniki qilgan oʻzbekistonlik kikboksingchilar umumjamoa hisobida 19-oʻrinni egallashdi.

Taʼkidlanishicha, Jahon kubogi bahslarida oʻzbekistonlik Temur Muxammadjanov referi (hakam) sifatida ishtirok etdi va musobaqa yakunida “Eng yaxshi hakam” deb topildi. Shu bilan birga T.Muxammadjanov kikboksing boʻyicha Italiyada boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatida referilik qilishga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.