O‘zbekistonlik sportchi Jahon chempionatida rekord o‘rnatdi 

  • 09:39 / 08.11.2019
  • 1197

Foto: O‘zbekiston Milliy Olympia qo'mitasi

O‘zbekiston Paralimpiya terma jamoasi a’zosi Doniyor Saliyev Birlashan Arab Amirliklarining Dubay shahrida para-yengil atletika bo‘yicha Jahon chempionatida rekord o‘rnatib, oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu natija unga “Tokio – 2020” Paralimpiadasi yo‘llanmasini ham taqdim etdi. 

Kecha 7-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida para-yengil atletika bo‘yicha Jahon chempionati boshlandi. 

Mazkur Jahon chempionatining birinchi kunida uzunlikka sakrash bo‘yicha T12 toifasining final bahsida qatnashgan o‘zbekistonlik Doniyor Saliyev 7,44 metr natija qayd etib, chempionat rekordini o‘rnatish qatori musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. “Rio – 2016” sovrindori Saliyev bu natijasi bilan “Tokio – 2020” Paralimpiya o‘yinlariga ham yo‘llanmani naqd qilib qo‘ydi. Bu O‘zbekiston Paralimpiya terma jamoasi uchun Tokio Paralimpiadasiga qo‘lga kiritilgan sakkizinchi yo‘llanma bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 15-noyabrgacha davom etadigan mazkur chempionat Tokioda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi musobaqa hisoblanib, unda sayyoramizning 100 dan ortiq mamlakati vakillari ishtirok etmoqda.