O‘zbekistonlik talabalarning Rossiyaga qaytishlariga ruxsat berildi

  • 13:25 / 05.04.2021
  • 84

2021-yil 31-martdan o‘zbekistonlik talabalarga o‘qishlarini davom ettirish uchun Rossiyaga qaytishlariga ruxsat berildi. Bu haqda Rossiya Oliy ta’lim vazirligi ma'lum qildi. 
Shuningdek, Rossiya hukumatining tegishli farmoniga ko‘ra, Venesuela, Germaniya, Suriya, Tojikiston va Shri-Lankalik talabalarga ham o‘qishlarini davom ettirish uchun Rossiyaga kirishga ruxsat berilgan. 

Ruxsat berilgan davlatlarning talabalari o‘z ta’lim muassasasi rahbariyatini Rossiyaga kirib kelishidan o‘n kun oldin elektron pochta orqali ogohlantirishlari shart. Shuningdek, ular Rossiyaga kirib kelishdan uch kun oldin koronavirusga PZR-testi topshirishlari zarur. 

Rossiyaga kirib kelgan talaba 72 soat ichida Covid-19'ga qayta test topshiradi. Test natijalari javobi chiqqunga qadar talaba onlayn shaklda ta’lim oladi.