O‘zbekistonliklar uchun Yaponiya elchixonasida bepul niqoblar bor, ammo...

  • 08:53 / 07.03.2020
  • 1027

2020-yil 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasining Tokio shahridagi Elchixonasi o‘zining rasmiy veb-sayti, Facebook'dagi sahifasi va Telegram'dagi kanalida vatandoshlarimizga murojaatnoma joylashtirdi, deb xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirlgi Matbuot xizmati.

Murojaat mazmuni quyidagicha: “Hozirgi kunda Yaponiya hududida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar soni oshib, kasallik tarqagan prefekturalar ko‘payib borayotgani hammamizni xavotirga solmasdan iloji yo‘q, – deyiladi murojaatda. – Ushbu kasallik tarqalishi bilan kurashish maqsadida Yaponiya Hukumati aniq chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Yaqin kelajakda virus tarqalishining kamayishiga va uning xavfi keskin susayishiga umid qilib qolamiz.

Bunday sharoitda, O‘zbekiston Hukumati ham mamlakatimiz aholisi sog‘ligini saqlash, koronavirusning respublikamizga kirib kelishini oldini olish maqsadida bir qator choralar ko‘rmoqda.

Xususan, joriy yilning mart oyidan “Toshkent-Tokio-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar boshlanishi rejalashtirilgan edi. Ammo virus tarqalishi sharoitida va ehtiyot chora sifatida, mazkur aviaqatnov vaqtinchalik bekor qilindi.

Bundan tashqari, joriy yilning 1-martidan boshlab O‘zbekistonga Yaponiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali fuqarolar bir vaqtda uyushgan holda kirib kelganda, ular Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi qaroriga muvofiq belgilangan muassasalarda 14 kunlik karantinga joylashtirib, tibbiy nazorat, tashxisot va davolash ishlari o‘tkaziladi.

Ushbu choralar vatanimiz xavfsizligini va xalqimiz sihat-salomatligini ta’minlashga xizmat qilishiga ishonamiz. Sizlar va yaqinlaringizdan, agar bu choralar ayrim noqulayliklar tug‘dirayotgan bo‘lsa, ushbu holatni to‘g‘ri tushinishingizni va qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rab qolamiz.

O‘z navbatida, oldingi murojaatnomalarimizda qayd etganimizdek, barchangizdan kerakli ehtiyot choralarini ko‘rishingizni, xususan, barcha sanitar-gigiyenik talablarga rioya qilishingizni, odamlar ko‘p to‘planadigan jamoat joylarida maxsus niqoblardan foydalanishingizni, go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilishda uning yaxshi pishganligiga e’tibor qaratishingizni, maxsus gigiyenik dezinfeksiya va tozalash vositalaridan foydalanib yurishingizni so‘raymiz.

Agar o‘zingizda kasallik alomatlarini (haroratning oshishi, yo‘tal, holsizlanish va hokazolar) sezsangiz, darhol maxsus tibbiyot muassasalariga murojaat qilishingiz so‘raladi.

Elchixona konsullik bo‘limining +8170-1273-4900 telefon raqami har kuni 24 soat mobaynida sizning murojaatlaringizni qabul qilishga tayyor. Aviaqatnovlar masalalari bo‘yicha +8170-1431-0026 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

Kuzatilayotgan sharoitda Elchixona hamma vatandoshlarimizga imkon qadar yordam berishga tayyor ekanligini bildiradi. Xususan, hozirgi kunda himoya niqoblari yetishmovchiligini inobatga olib, Elchixona cheklangan miqdorda bo‘lsa ham, niqoblar zahirasiga ega ekanligini va ehtiyoj sezayotgan vatandoshlarimiz Elchixonadan niqobni bepul olishi mumkinligini bildirmoqchimiz”.