O‘zbekistonning ayni paytdagi Davlat ichki va tashqi qarzi qancha?

  • 11:16 / 15.06.2020
  • 1705

2020-yil 1-aprel holatiga, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 18,2 mlrd. AQSH dollarini tashkil qildi.
 
Bu haqda Moliya vazirligi Davlat ichki va tashqi qarzi departamentining 2020-yil 1-choragi uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat qarzi holati va dinamikasi sharhida maʼlum qilindi.
 
“2020-yil 1-aprel holatiga, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 18,2 mlrd. AQSh dollari ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 31,3 foizni tashkil etdi”, deyiladi Vazirlik maʼlumotida.

Xususan, I chorakda davlat tashqi qarzi 0,5 mlrd. AQSh dollariga yoki yil boshiga nisbatan 2,9 foizga oshib, joriy yilning 1-aprel holatiga 16,11 mlrd. AQSh dollariga yoki YAIMga nisbatan 27,7 foizga yetgan.
 
Shundan:
– Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz – 10,9 mlrd. AQSh dollari;
– Hukumat kafolatlagan tashqi qarz – 5,2 mlrd. AQSh dollari.
 
Davlat ichki qarzi 20,0 trln. so‘mni (2,1 mlrd. AQSh dollari) yoki YAIMga nisbatan 3,6 foizni tashkil etdi. Bunda Prezidentning 2019-yil 9-oktabrdagi qaroriga ko‘ra chaqirib olingan Hukumat kafolatlari ham inobatga olingan.
 
Shundan:
– Hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz – 1,7 trln. so‘m (0,2 mlrd. AQSh dollari);
– Hukumat kafolatlagan ichki qarz – 18,3 trln. so‘m (1,9 mlrd. AQSh dollari).   
 
Vazirlik departamenti Davlat qarzining so‘ngi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro meʼyorlarga ko‘ra O‘zbekistonning Davlat qarzi (YAIMga nisbatan 31,3 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YAIMga nisbatan 27,7 foiz) moʻtadil darajada saqlanib qolayotganini taʼkidlamoqda.
 
“Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan 2020-yil 19-may kuni chop etilgan Qarz barqarorligi hisobotida respublikaning qarzga xizmat ko‘rsatish salohiyati yuqori, davlat tashqi qarzi esa moʻtadil darajadaligi qayd etilgan. Shuningdek, mamlakatimizning qarzni to‘lay olish salohiyatining umumiy indikativ ko‘rsatkichi (CI) 3,1 birlikdan 3,2 birlikka ko‘tarildi”, deyiladi Moliya vazirligi Davlat ichki va tashqi qarzi departamenti maʼlumotida.