Oʻzbekistonning taʼlim sektori rejasini amalga oshirishiga 10 million dollar grant ajratilgan

  • 10:09 / 09.10.2019
  • 103

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Xalq Talimi Vazirligi

Xalq taʼlimi vazirligi Axborot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, bugun, 9-oktabr kuni Taʼlim sohasida global hamkorlik (Global Partnership in Education, GPE) tashkilotining Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo okrugiga kiruvchi mamlakatlarning birinchi mintaqaviy uchrashuvi oʻz ishini boshladi.

Uch kunlik tadbirda Oʻzbekiston, Armaniston, Afgʻoniston, Sudan, Tojikiston va Yeman davlatlarining taʼlim tizimi vakillari ishtirok etmoqda.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etish uchun GPE Sekretariatining hamkorlik aloqalari boʻyicha yetakchi xodimi va guruh rahbari Mishel Mezen (Michelle Mesen) boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga yetib keldi.

Mazkur uchrashuv GPE bilan hamkorlikni rivojlantirish, tashkilotning ishlash tartib-qoidalari hamda GPE Sekretariatini Oʻzbekistonda xalq taʼlimi sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Uch kun davomida ishtirokchilar GPE faoliyati, uning ishlash tamoyillari, taʼlim sektori rejasini tayyorlash, taʼlim sohasini rivojlantirish uchun grant mablagʻlarini jalb qilish jarayoni bilan tanishadi.

Yigʻilish ishtirokchilari taʼlim sektori rejasini tayyorlash, ijrosini va monitoringini taʼminlash, mamlakatlar oʻrtasida tajriba almashish hamda boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.

Jumladan, xorijlik mehmonlar Oʻzbekistonda xalq taʼlimi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatimizning qoʻshma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tajribasi haqida maʼlumot oladi.
Xorijiy mamlakat vakillari Qibray tumanida GPE tomonidan moliyalashtirilgan 14-umumtaʼlim maktabi va 29-maktabgacha taʼlim muassasasiga tashrif buyurishadi.

Madaniy dastur doirasida mehmonlar Xastimom kompleksi va poytaxtimizning boshqa diqqatga sazovor joylari bilan tanishadi.
Taʼlim sohasida global hamkorlik tashkiloti (GPE) 2002-yilda tashkil etilgan va uning asosiy maqsadi global hamda milliy darajada sifatli taʼlimga yoshlarni teng qamrab olishni taʼminlashdan iboratdir.

GPE trast fondi boʻlib, u Jahon banki guruhining bir qismidir. GPE faoliyati 21 ta rivojlangan donor mamlakatlar, jumladan Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi. GPE rivojlanayotgan va donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, professional pedagogik tashkilotlar, xususiy sektor va taʼlim rivojlanishiga hissa qoʻshayotgan xalqaro jamgʻarmalarni birlashtiradi.
Taʼlim sohasini rivojlantirish uchun islohotlar olib borish uchun odatda, rivojlanayotgan mamlakatlar mahalliy taʼlim guruhlarini tashkil etadi va 5 yillik taʼlim sektori rejasini qabul qiladi.

GPE eng yuqori boshqaruv organi Direktorlar kengashi boʻlib, u tashkilotning siyosati va strategiyasini belgilab beradi. Kengash rivojlanayotgan mamlakatlarning hukumati va rivojlanish boʻyicha barcha hamkorlar vakillarini birlashtiradi. 2019-yilning aprel oyidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Direktorlar kengashining aʼzolaridan biri hisoblanadi. 
Xalq taʼlimi vazirligi mahalliy taʼlim guruhida raislik qiladi va GPE bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni amalga oshiradi.

GPE 2013-2018-yillar uchun taʼlim sektori rejasini amalga oshirish uchun 49,9 mln. AQSh dollari miqdorida grant ajratgan.

Tashkilot Oʻzbekistonning 2019-2023-yillar uchun taʼlim sektori rejasini amalga oshirishiga 10 mln. AQSh dollari grant taqdim etgan. Mazkur grant boshqa xalqaro tashkilotlardan qoʻshimcha mablagʻ jalb qilish imkoniyatini beradi.