O‘zbekistonning tashqi qarzi qariyb 36 mlrd. dollarga yetdi

  • 20:43 / 23.09.2021
  • 111

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi hajmi joriy yilning boshiga nisbatan 6 foizga yoki 2 mlrd. dollarga oshgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yil boshiga nisbatan davlat tashqi qarzi 3 foizga yoki 627,9 mln. dollarga o‘sib 22 mlrd. dollarni, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz esa 11 foizga yoki 1,4 mlrd. dollarga o‘sib 13,9 mlrd dollarni tashkil etdi.

Jumladan, 2021-yilning 1-yarim yilligida davlat tashqi qarzi 3 foizga yoki 627,9 mln. dollarga oshib, jahon bozorida O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalari narxlarining tushishi, shuningdek, yangi qarzdorliklarning jalb qilinishi va asosiy qarz to‘lovlari amalga oshirilishi hamda kurslar o‘zgarishi hisobiga 22 mlrd. dollarni tashkil qildi.

Hisobot davri mobaynida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 353,4 mln. dollar miqdordagi asosiy qarz va 206,5 mln. dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.

Shuningdek, xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 1,6 mlrd. dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 238,8 mln. dollarni tashkil qildi. Bunda, asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini banklar, neft-gaz va energetika hamda boshqa sektor korxonalari amalga oshirmoqda.