“Oʻzbekkino” Markaziy Osiyodagi eng yirik kino ishlab chiqarish bazasini yaratadi

  • 10:06 / 09.10.2019
  • 165

Foto: Oʻzbekkino milliy agentligi

“Oʻzbekkino” milliy agentligi oʻzining texnologik bazasini keng koʻlamli qayta jihozlashni boshladi, deydi Agentlik o‘zining telegram kanalida.

Xabarga ko‘ra, Daniya poytaxti Kopengagen shahrida “Oʻzbekkino” milliy agentligi va Daniyaning “Danmon Group” kompaniyasi oʻrtasida “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi kino uskunalari, texnologik tizimlari va multimedia mahsulotlari bilan jihozlash boʻyicha yirik loyihani amalga oshirish yuzasidan muzokaralar boʻlib oʻtdi. Tomonlar badiiy filmlar, hujjatli filmlar, multiplikatsion filmlar tayyorlash uchun asbob-uskunalarni yetkazib berish masalalarini muhokama qilishdi. Loyiha yaqin ikki yil ichida amalga oshiriladi. Kino jihozlarini modernizatsiya qilish bilan bir qatorda, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi maydonchasi qayta taʼmirdan chiqariladi.

“Oʻzbekkino” kompaniyasi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning taʼkidlashicha, kompaniyaning texnologik bazasi va uning boʻlimlarini har tomonlama qayta jihozlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga muvofiq amalga oshiriladi.

Loyihada “Oʻzbekfilm”ning film yaratish jihozlari va hujjatli filmlar kinostudiyasi, multiplikatsion studiya hamda respublika kino fondining toʻliq yangilanishi koʻzda tutilgan.

Yangi jihozlar yordamida davlatimiz va xorij arxiv fondlarida saqlanayotgan kinotasmalarni raqamlashtirish va qayta tiklash imkonini qoʻlga kiritamiz.

"CANON, APPLE, VICON va shu kabi boshqa kompaniyalar bizga Markaziy Osiyodagi eng yirik kino ishlab chiqarish bazasini yaratishimizga imkon beradi”, deya qoʻshimcha qildi “Oʻzbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov.