"O‘zekspomarkaz"da Xayriya markazi faoliyat boshladi

  • 13:28 / 02.04.2020
  • 172

AOKA huzuridagi shtabda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova ishtirokida brifing o‘tkazilganligi haqida xabar bergan edik.


Brifing davomida ma'lum qilinishicha, Toshkent shahridagi "O‘zekspomarkaz" majmuasida tashkil etilgan Xayriya markaz o‘z faoliyatini boshlagan.

1-aprel kuni markazga homiylar tomonidan 5 tonna yog‘, 10 tonna piyoz, 5 tonna guruch, 20 tonna 2 turda  makaron, 10 tonna 250 kg kartoshka, 5 tonna shakar, 10 ming dona maska, 20 ming dona qo‘lqop, 5 ming dona bir martalik kombinzon to‘plangan.

"Bugun Toshkent shahrining 350 ta xonadoniga 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi", dedi Bositxonova. 

Buning uchun har bir tumanga 2 tadan — jami 22 ta "Damas" avtomashinasi ajratildi. Mahalla raisi hamrohligida ushbu yordam oilalarga kiritib beriladi. Mahsulotlar va xonadonga tashrif buyuruvchilar karantin talablariga to‘la muvofiq kiyingan.

Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan yakka tartibdagi xayriya aksiyalari vaqtincha to‘xtatilib, xayriya ishlari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi zimmasiga yuklatilgandi.