O‘zga mamlakatlardagi tug‘uruqxonalar qanday ko‘rinishda?

  • 16:36 / 11.06.2019
  • 587

Yurtimizdagi tug‘uruqxonalarning ko‘rinishi turlicha. Yangi perinatal markazlar qulay va shinam, eski kasalxonalar esa… O‘zga mamlakatlardagi chaqaloqlar qanday sharoitlarda dunyoga keladi? Bu qiziqarli savol. Mama-likes.ru dunyoning turli burchaklaridagi tug‘uruqxonalar bo‘ylab foto-ekskursiyaga taklif etadi.

Tibet, Medjokunggar

Avtonom Tibetda ijtimoiy farovonlik darajasi past, bu esa tug‘uruqxonalar holatiga o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Biroq so‘nggi yillarda XXR mutlaq qashshoqlikni likvidatsiya qilish dasturini amalga oshirmoqda.

XXR, Futszyan provinsiyasi, Shishi

Xitoyda pullik tug‘uruqlar uchun to‘lov 300 dollarga yaqin. Ularni oilalar yoki tashkilotlar (to‘liq yoki qisman) to‘lashadi. To‘lov - tibbiy yordam, tug‘uruqdan oldin va keyin palatada yashash, dorilar, ko‘rpa-to‘shak, sochiq, shippak, tog‘ora, kiyimni (ona o‘zi istasa, uy kiyimida qolishi mumkin) o‘z ichiga oladi. Barcha berilgan narsalarni tuqqan ayol o‘zi bilan olib ketadi.

BAA, Dubay

Birlashgan Arab Amirliklarida tug‘uruq bepul (sug‘urtaga ko‘ra). Biroq bo‘lajak onalar ko‘rikka haftasiga bir marta qatnashadi. Shifokorlar hammaga birdek kesarcha kesish, og‘riq qoldirish va tug‘uruq chaqirishni tavsiya etadilar. Tug‘ayotgan ayollar «qo‘shimcha xizmatlarga» bajonidil rozilik bildirishadi. Mahalliy tug‘uruqxonalarda ham sharoit besh yulduzli mehmonxonalardagidan yomonroq emas. Onalarga «shohona» tushlik beriladi, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar esa aralashmalar bilan boqiladi. Tug‘uruqdan keyingi palatada ayolni uning barcha qarindoshlari va do‘stlari kelib ko‘rishlari mumkin.

Germaniya, Shtralzund

Ayollarga uch xil variant taklif etiladi: klinika, tug‘uruq uylari (tabiiy tug‘uruq va sokinlashtiruvchi muhit tarafdorlari uchun) va akusherning uyga tashrifi. Har bir tibbiyot muassasasida bo‘lajak onalar uchun kurslar bor. Ular sug‘urta bilan qoplanadi. Tuqqan ayollarga barcha kerakli buyumlar beriladi.

Hujjatlardan tashqari olib borilishi kerak bo‘lgan yagona narsa – qulay kiyim. Turmush o‘rtoq yoki boshqa qarindoshlar tug‘ish jarayonida ishtirok etishi mumkin. Qiziqarli jihati, tug‘uruqxonadan chiqish vaqtida avtokreslo olib kelinishi lozim, usiz onani bola bilan kasalxonadan chiqarmasliklari mumkin.

Hindiston, Guaxati

Ayrim klinikalarda ginekologik kreslolar bo‘lmaydi, shifokorlar uni zarur, deb hisoblamaydilar. Ko‘plab muassasalarda tug‘ayotgan ayollarga kesarcha kesish taklif etiladi. Biroq chaqaloqni tabiiy usulda dunyoga keltirishni amalga oshiradigan kasalxonalar ham bor. Tug‘uruqdan keyin onaning ozuqlanishi suvdan boshlanadi. Undan keyin esa ratsionga kokos sharbati va suyuq holga keltirilgan bo‘tqa kiritiladi. Bu yerda farzandning jinsini oldindan aytilmaydi.

Falastin, G‘azo

Falastinliklarning ko‘pchiligi (99,1 foiz) kasalxona yoki tug‘uruqxonalarda tug‘ishni afzal ko‘rishadi. Davlat muassaslariga talab katta. Chunki ular aholiga imtiyozlar taqdim etadi (sug‘urta tug‘uruqni qoplaydi), bu yerda yaxshi sifatli tibbiyot xizmatlari ko‘rsatiladi.

Polsha, Krakov

Polshada yashash joyi (ro‘yxatga olingan joy)ga qarab ayollar maslahatxonasiga borish mumkin. Poliklinikalarda oyiga 1-2 marta o‘tkaziladigan ko‘rik uchun barcha zaruriy narsalar mavjud. Tug‘uruqxonalarda bo‘lajak ota-onalar uchun kurslar faoliyat yuritadi. Ularga borish ixtiyoriy. Ayol istalgan tug‘uruqxonani tanlashi va istaklari (qanday to‘lov kerak, tug‘uruqda kim ishtirok etadi va h.k) aks etgan talabnomani oldindan to‘ldirishi mumkin.

Onalar o‘zi va farzandi uchun kiyim olib kelsa bo‘lgani. Qolgan barcha narsalar muassasalar tomonidan taqdim etiladi (sug‘urtaga ko‘ra). Chaqaloq dunyoga kelganidan keyin tug‘uruqxonada qolishning eng kam muddati – 50 soat. Barcha klinikalar yaxshi jihozlangan va qulay.

Ispaniya, Madrid

Agar homiladorlik normal kechsa, shifokorlar aralashmaslik, qo‘shimcha tekshiruvlarni o‘tkazmaslikka harakat qilishadi. Bajarilishi kerak bo‘lgan yagona narsa – akusher qabuliga kelish va rejali tahlillarni topshirish. Bu yerda polivitaminlar buyurilmaydi, bo‘lajak onalarga bor-yo‘g‘i yaxshi ovqatlanish tavsiya etiladi. Ayollar maslahatxonalarida bepul kurslar bor.

Tug‘uruqdan oldin ayollar barcha jihatlarga (tug‘uruqda kim ishtirok etadi, to‘lovning qaysi usuli zarur) oydinlik kiritish uchun anketa to‘ldirishadi. Chaqaloq tug‘ilgach, u onasining qorni ustiga qo‘yiladi va uzoq vaqt davomida qoldiriladi (bola kiyintirish uchun olinadi va keyin yana onasiga qaytariladi). Bu yerda bolalar emlanmaydi, biroq yangi tug‘ilgan chaqaloq qizlarning qulog‘ini teshish taklif etiladi.

Filippin, Manila

Bu mamlakatda bir soatda 200 nafar chaqaloq tug‘iladi. Masalan, Dr. Jose Fabella Memorial Hospital kasalxonasida bir kunda 60 nafar bola dunyoga keladi. Ayol sug‘urtaga ko‘ra yoki to‘lov asosida tug‘ayotgan bo‘lsa, kesarcha kesish taklif etiladi. Qolgan vaziyatlarda esa juda zarur bo‘lganidagina kesarcha kesish amalga oshiriladi. Tug‘uruqdan keyingi palatada bir vaqtning o‘zida bir necha ayollar joylashtiriladi. Bitta karavotchaga ikkitadan bola yotqiziladi.

Dunyo tug‘uruqxonalaridagi sharoitlar xuddi yer va osmon kabi bir-biridan katta farq qiladi. Rivojlangan mamlakatlardagi ayollar “rejadan biroz chiqilishi” tufayli xarxasha qilishsa, dunyoning boshqa burchaklaridagi ayollar umumiy palatada bo‘sh o‘ringa ega bo‘lishdan baxtiyor. Ana shunaqa. Sayyoramizdagi hayot turlicha. Biroq dunyo onalarini birlashtiradigan yagona jihat bor: farzandlariga bo‘lgan muhabbat va ularning kelajagi yaxshi bo‘lishiga umid qilish.

Teglar