Pandemiyaning epidemiyadan farqi nimada?

  • 15:00 / 14.02.2020
  • 588

Virusning yangi turi – Koronavirus (COVID-19) paydo bo‘lib, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu holatni favqulodda xalqaro holat, deb atadi. Mana shu sabab tufayli bugun pandemiya va epidemiya haqida suhbatlashishning ayni vaqti keldi, chamamizda.

Pandemiya bu...
Pandemiya yunoncha “pandemos” barcha insoniyatga taalluqli, degan ma’noni anglatib, u butun dunyoni qamrab olgan favqulodda holat hisoblanadi. Pandemiyaning kuzatilishi yangi bakteriya yoki virusning tez ko‘payish va tarqalish xususiyatiga ega ekanligidan so‘zlaydi.
   
Pandemiya epidemiyaga qaraganda ancha halokatli bo‘lishi mumkin. Masalan, 1918-yildan 1920-yilga qadar kuzatilgan ispan grippi pandemiyasi dunyo bo‘ylab 100 milliondan ortiq insonni hayotdan olib ketgan. 

Epidemiya-chi?
Epidemiya muayyan bir shahar, mintaqa yoki mamlakatga xos bo‘lgan va yuqtirganlar soni bir mamlakat yoki uning bir qismida kutilgan miqdordan oshib ketishi bilan izohlanadi. Agar infeksiya bir vaqtning o‘zida dunyoning bir necha davlatlarida tarqalgan bo‘lsa, bu pandemiyaga aylanayotganiga ishora qiladi. 

Ikkisi ham xavfli
Pandemiya ham, epidemiya ham zamonaviy dunyoda katta muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bu, viruslarning tarqalishi uchun ko‘proq imkoniyatlar paydo bo‘lganidan darak beradi. Buning ta’sirida esa dunyo aholisi orasida kuchli vahima ko‘tariladi. Odamlar pandemiya markazini tashlab ketishga urinib, virusni yanada ko‘proq odamlarga yuqtirishda davom etishmoqda. 

Virusga qarshi vaksinani o‘ylab topish uchun esa oylar, va hattoki, yillar sarflanishi mumkin. Tibbiyot markazlarida tibbiyot xodimlari tanqisligining kuzatilishi, mavjud bo‘lganlari esa katta zo‘riqish bilan ishlashlariga to‘g‘ri keladi.
 
Bir so‘z bilan aytganda, bu favqulodda holatlarga imkon qadar tezroq barham berish kerak.

Ma’lumot o‘rnida
Taqqoslash uchun, 14-fevral holatiga ko‘ra, Xitoyda koronavirusdan kasallanganlar soni 60 mingdan oshgan. Jahon bo‘yicha esa bu raqam 64 436 nafarni tashkil qilmoqda. 1383 kishi hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, 6886 kishi sog‘aygan.