Paxta-to‘qimachilik sohasini yangi komissiya nazorat qiladi 

  • 10:03 / 08.11.2019
  • 168

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari loyihalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo komissiyani tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi. 

Ushbu qaror loyihasiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika ko‘mitasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari loyihalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo komissiyani tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari loyihalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo komissiyasi tarkibini tasdiqlash ham belgilangan.

Loyihada Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
– hududlarning salohiyatini yanada rivojlanish istiqbollari, infratuzilmasi, mehnat resurslari va bozorlarning mavjudligidan kelib chiqib paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; 

– paxta xomashyosi yetishtirishning samarali usullarini keng joriy etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardoshli mahsulotlar yetishtirish va ushbu maqsadlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish; 

– paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, ularning faoliyatida yuzaga keladigan joriy va tizimli muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqilishini ta’minlash. 

Shuningdek: 
– Idoralararo komissiya bir oy muddatda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari loyihalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashi;
– o‘ziga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarilishini ta’minlashi;
– bajarilgan ishlar yuzasidan tahliliy ma’lumotlarni har chorakda Vazirlar Mahkamasiga kiritib borishi ko‘rsatilgan.

Loyihaga ko‘ra, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Idoralararo komissiyaning ishchi organi hisoblanadi. Idoralararo komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.