Poytaxtning ikki tumanida yangicha suv hisoblagichlar sinovdan o‘tkaziladi

  • 12:37 / 14.01.2020
  • 272

Foto: «Uzbekistan 24»

Toshkentning ikki tumanida ko’rsatkichlari masofadan turib aniqlanuvchi elektron suv hisoblagichlarini sinovdan o'tkazish boshlandi. Bu haqda Uy-joy kummunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutaxassisi Nurali Boytursunovga tayanib “Gazeta.uz” xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu inson omilisiz suv iste’molini nazorat qilishning yangi usuli hisoblanadi.

“Bu – yangi zamonaviy hisoblagich. Uning oddiy hisoblagichlardan farqi – tekshirish uchun fuqarolarni bezovta qilish va uylariga kirish shart emas. Istalgan vaqtda suv sarfi haqida ma’lumotni olishimiz mumkin”, – deydi Boytursunov.

Ayni vaqtda Rossiya va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan hisoblagichlar Mirzo Ulug‘bek hamda Yunusobod tumanlariga o'rnatilmoqda. Qurilmalar LoRaWAN aloqa modulida ishlaydi.

“Hisoblagichlar shahar tashqarisida 10 kilometr va shahar ichida esa 5 kilometr masofadan ma’lumotlarni olish mumkin. Bitta antennani o‘rnatib, 2000 mingta abonentdan ma’lumotlarni olsa bo’ladi. Ma’lumotlar to'g'ridan-to'g'ri bazaga kelib tushadi, uni hech kim qo'lda yozib olmaydi”, – deydi mutaxassis.

Nurali Boytursunovning ta’kidlashicha, yangi hisoblagichlar hisobiga iste’molchilar 90 foizga qadar mablag‘ni tejashi mumkin. Hozirda 30-40 ta hisoblagich sinovdan o‘tkazilmoqda.