Prezident loyiha qiymati 50 million dollarga teng bo‘lgan farmatsevtika klasterini yaratishga oid qarorni imzoladi

  • 14:11 / 01.05.2020
  • 111

Foto : Prezident Matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterini yaratishni moliyalashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga tayanib Xabardor.uz muxbiri ma’lum qilmoqda.

Ushbu hujjat farmatsevtika sanoatining ilmiy-tahlil va ishlab chiqarish bazasini jadal rivojlantirish, shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida yuqumli va boshqa kasalliklarni aniqlash hamda davolash uchun zamonaviy samarali dori-darmonlarni ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qabul qilindi.

Loyihaning qiymati 50 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Mablag‘ O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratiladi.

Loyihaviy takliflarni ko‘rib chiqish, birinchi navbatda quriladigan obyektlar ro‘yxatini aniqlash, bosh pudratchilarni tanlash, Jamg‘arma ajratgan mablag‘larning samarali sarflanishi va ustuvor obyektlarning qurilishi jarayonini nazorat qilish klaster hududida tashkil etilgan Ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.

Jamg‘armadan mablag‘ oluvchi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hisoblanadi. Qarz to‘lovi va xizmati bilan bog‘liq xarajatlar klasterdagi obyektlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va xonalarni ijaraga berish, shuningdek, Farmatsevtika sanoatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.