Prezident qarori bilan Madaniyat vazirligi tizimida qator o‘zgarishlar amalga oshirildi

  • 09:13 / 28.05.2020
  • 515

“O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, “Axborot va kompyuter texnologiyalari markazi” davlat muassasasi “Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va axborot-multimedia markazi” davlat muassasasi deb qayta nomlandi.

Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi hamda Yoshlar madaniyat va san’at markazi tugatilib, ularning balansida bo‘lgan binolar hamda moddiy-texnik vositalari Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi.

Vazirlik huzuridagi Madaniy meros departamenti va uning barcha hududiy boshqarmalari tuzilmasida tegishlicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Badiiy ekspertiza boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.

Vazirlik huzuridagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tugatildi. Shuningdek, qaror bilan vazirlik huzuridagi “Madaniy meros tiklash-ta’mirlash” DUK hamda departament huzuridagi “Meros chashmasi” DUK tugatildi.

“Guliston”, “Teatr” va “Moziydan sado” jurnallari yagona tahririyatga birlashtirildi.

Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutiga arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini yaratish, geodeziya va kartografiya faoliyati, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrashga doir faoliyat turlarini tegishli litsenziyalar olmasdan amalga oshirish huquqi berildi.  

O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi vazirlik tizimiga o‘tkazildi.